Vashingtonda Yangi Ipak Yo'li strategiyasining kelajagi muhokama qilindi



Vashingtonda Xelsinki Komissiyasi tomonidan uyushtirilgan brifingda AQSh olg’a surayotgan Yangi Ipak Yo’li strategiyasining kelajagi muhokama qilindi. Ayrim mutaxassislar nazarida AQSh qo’shinlarini kelasi yili Afg’onistondan olib chiqqandan so’ng loyihaga qiziqishi so’nadi.

Boshqalar fikricha esa Afg’oniston xavfsizligini tashqi siyosatdagi muhim vazifalaridan biri sifatida belgilagan Qo’shma Shtatlar iqtisodiy taraqqiyotni bu yurt barqarorligini ta’minlashdagi muhim omil deb biladi. Xalqaro tashkilotlar vakillari esa Markaziy Osiyoda Amerika ishtirokisiz ishlayotgan regional integratsion loyihalarni tilga oladi.

Yangi Ipak Yo’li strategiyasi ikki yil oldin AQShning o’sha paytdagi davlat kotibi Xillari Klinton tomonidan e’lon qilingan edi. Undan asosiy maqsad Markaziy Osiyoda integratsion jarayonlarga turtki berib, Afg’onistonni ham ularga jalb qilish. Mintaqa va, jumladan, Afg’oniston iqtisodiyoti barq ursa, tinchlik qaror topadi.

Vashingtondagi brifingda ishtirok etgan AQSh Tijorat vazirligining Markaziy Osiyo bilan shug’ullanuvchi rasmiysi Danika Starksning aytishicha, regionda integratsiyani yo’lga qo’yish imkoni bo’lmasa-da, tashabbus o’zaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan. Buning uchun Markaziy Osiyoda transport tizimini mukammalashtirish, bojxona to’lovlari va chegara nazoratini yengillashtirish, mintaqa imkoniyatlarini dunyoning boshqa chekkalariga ham targ’ib qilish lozim, deydi rasmiy.

Danika Starksga ko’ra, maqsad nafaqat region ichida iqtisodiy aloqani kuchaytirish, balki chetdan ham sarmoyani jalb qilish.

“Hozirgi zamonda yirik kompaniyalar har bir davlatda o’rnashishi shart emas. Ular bir joyni tanlaydi-da, o’sha yerdan turib atrofdagi davlatlar bilan ish qiladi. Agar firmalar o’z mahsulotlarini qo’shni davlatga o’tkaza olmasa, mintaqa bo’ylab bemalol harakatlana olmasa, standartlar uyg’unlashmasa, ular bu hududga kirishga shoshilmaydi yoki boshqa, qulayroq bozorga ketadi”, - deydi Tijorat vazirligi rasmiysi.

Starks nazarida Amerika kompaniyalari ko’p hollarda mintaqadagi imkoniyatlardan bexabar qolayapti.

“Yirik tenderlar keng e’lon qilinmaydi. Tenderga hujjat topshirish uchun juda oz vaqt beriladi. G’oliblarni tanlash jarayoni halol emas. Mintaqada intellektual mulk himoyasi kafolatlanmagan, respublikadagi sudlarning tijoriy bahslarni hal etish uchun malakasi yetishmaydi yoki ular davlat organlari bosimi ostida qolmoqda”, - deydi Danika Starks.

AQSh rasmiysi Markaziy Osiyodan qishloq xo’jaligi mahsulotlarini eksport qilishni ajoyib iqtisodiy imkoniyat sifatida ko’radi, ammo yo’l infrastrukturasining yaxshi rivojlanmaganligi va mahsulotlarni saqlash uchun omborlarning yo’qligi, masalan, Kavkazdan Markaziy Osiyoga jo’natilgan mevalarning yo’lda buzilishiga olib keladi.

“Qoloq transport tizimi Afg’onistondan ham tovarlarni tashqi bozorga olib chiqishga imkon bermaydi, deydi rasmiy. Hamkorlikdan barcha tomonlarning foyda ko’rishi oydek ravshan, ammo, deydi Danika Starks, siyosiy iroda yetishmaydi. Respublikalar rahbarlarining bir-biriga nisbatan ishonchsizligi suv va elektr ta’minoti bobida ham to’siqlarni vujudga keltirmoqda”, - deydi u.

Qo’shma Shtatlar mintaqa davlatlarini Yangi Ipak Yo’li strategiyasini qabul qilishga da’vat etar ekan, mustaqil jurnalist Joshua Kuchera nazarida, yolg’iz da’vat bilan ish bitmaydi. Uning aytishicha, AQSh loyihaga pul tikkani yo’q. Bundan tashqari Qo’shma Shtatlar urg’uni Afg’onistonga berib xato qildi, deydi Kuchera.

“Markaziy Osiyo davlatlari Afg’oniston bilan ish qilishni istamaydi, chunki uni muammolar o’chog’i deb biladi. Gap diniy radikalizm, giyohvand moddalar, qurollar haqida ketmoqda. Ular AQSh bu mamlakatdan qo’shinlarini olib chiqsa, afg’on xavfi mintaqaga tarqaladi degan xavotirda”, - deydi Kuchera.

Jurnalistning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Shimoliy ta’minot tizimini misol tariqasida keltirib, Yangi Ipak Yo’li strategiyasi ham muvaffaqiyatli loyiha bo’lishini ta’kidlamoqda. Shimoliy ta’minot tizimi orqali Markaziy Osiyo bo’ylab AQShning Afg’onistondagi qo’shinlari uchun yuk o’tadi.

Joshua Kucheraning aytishicha, tizimning tayyor bozori bor. Bu – harbiylar. Afg’onistonga asoslangan Yangi Ipak Yo’li strategiyasida esa bunday bozor yo’q.

“Hisoblarga ko’ra, Afg’onistonga kirayotgan harbiy yukning 80 foizi Shimoliy ta’minot tizimi orqali o’tgan bo’lsa, u yerdan aynan shu yo’nalish bo’yicha Markaziy Osiyo orqali yukning atigi to’rt foizi o’tmoqda xolos. Chunki O’zbekiston Afg’nistondan chiqayotgan yukka qator cheklovlar qo’ygan. Toshkent poyezdlarda kontrabanda tovar va narkotiklar o’tishi mumkinligidan xavotirda. Bu O’zbekistonda Afg’onistonga nisbatan ishonchning yo’qligini ko’rsatmoqda”, - deydi jurnalist.

Joshua Kuchera nazarida, AQShning Markaziy Osiyodagi integratsion tashabbusi O’zbekiston ishtirokisiz samara bermaydi.

"Bu muhim davlat, aholisi katta, regiondagi barcha davlatlar bilan chegarasi bor yagona mamlakat. Toshkentning AQSh homiyligidagi mintaqaviy loyihalarda qatnashish istagi yo’q. Rossiya qayta kuchga to’lar va Xitoyning regionda iqtisodiy faolligi oshar ekan, Markaziy Osiyoga ta’siri asta-sekin kamayayotgan Amerikaning 2014-yildan so’ng mintaqaga qiziqishi so’nib boradi", - deydi Joshua Kuchera.
XS
SM
MD
LG