Misr prezidenti Oq uyda Tramp bilan uchrashadi

  • Amerika Ovozi

Misr Prezidenti Abdul Fattoh Sissiy

Dushanba kuni Misr Prezidenti Abdul Fattoh Sissiy Oq uyda Prezident Donald Tramp mehmoni bo’ladi.

Barak Obama prezidentligi paytida Sissiyga AQSh tomonidan yetarlicha e’tibor berilmagan edi. Obama ma’muriyati 2013-yilda harbiy to’ntarish oqibatida hokimiyatdan olingan Muhammad Mursiyni qo’llab-quvvatlab, isyonni qoralagan, Misr bilan aloqalar sovuqlashib qolgan edi. Biroq Tramp Sissiy bilan yaxshi aloqa qilishini aytib kelgan.

“Har ikkisi ham siyosiy islomni xush ko’rmaydi. Har ikkisi uchun siyosatda xavfsizlik birinchi, ikkinchi va uchinchi navbatda ham ustuvor”, - deydi Vashingtondagi “Atlantika kengashi” tahlil markazi eksperti Hisham Helyor.

Sissiyning tashrifidan oldin Oq uy bayonot chiqarib, xavfsizlikk urg’u bergan: “Munosabatlarimiz tarixan xavfsizlik manfaatlaridan kelib chiqib shakllangan va bundan keyin ham shunday bo’lib qoladi”.

Oq uy bayonotida Misr rahbarining terrorizmga qarshi qattiq siyosati olqishlanadi: “Sissiy 2014-yilda prezidentlikka saylanganidan beri qator muhim masalalarda dadil qadamlar qo’ydi”.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan tahlilchilar va mintaqadagi ekspertlar Tramp va Sissiy til topisha olishiga aminmiz, dedi.

Tramp saylov kampaniyasi paytida o’tgan yil sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi paytida Sissiy bilan ko’rishgan edi.

Mursiy hokimiyatdan ag’darilishi ketidan Obama Misrga harbiy yordamni to’xtatib qo’ygan edi. Sissiy prezidentlikka saylanganidan so’ng ham aloqalar iliqlashmadi, Obama uni Oq uyga taklif etishdan bosh tortib keldi.

“Obama ma’muriyati avval sobiq Prezident Husni Muborakning qulashiga, “Musulmon birodarlar” inqilobiga, harbiy to’ntarishga guvoh bo’ldi. Ikki davlat aloqalari uchun oson davr bo’lmadi”, - deydi Vashington Institutida Yaqin Sharq siyosatini o’rganuvchi tahlilchi Robert Setloff.

Unga ko’ra, Tramp Sissiyni AQShning arab dunyosidagi eng muhim hamkori sifatida ko’rmoqda.

“Sissiy jihodchilikka asoslangan ekstremizmga keskin qarshi bo’lib kelgan. U Misrdagi eng oliy diniy o’quv dargohi al-Azhar universitetiga borib, olimu ulamoni tashabbusni jihodchilardan olishga, islomga mo’tadil yondashuvni targ’ib qilishga chaqirdi. Shu sababdan uning Tramp bilan munosabatlari qiyin kechadi deb o’ylamayman”, - deydi ekspert.

AQShning Misr bilan bundan keyingi aloqalari qanday bo’ladi? Amerikaning harbiy yordami tiklanadimi? Tramp ma’muriyati Misrda inson huquqlari buzilishiga ko’z yumadimi? Munosabatlarning mintaqaga ta’siri qanday bo’ladi? Ko’p mutaxassislarni mana shu savollar qiynamoqda va dushanba kuni Oq uydagi uchrashuvdan so’ng ba’zilariga javob topilishi mumkin.

Yangi haftada Tramp, shuningdek, Iordaniya qiroli Abdulla va Xitoy Prezidenti Si Zinpin bilan ham ko’rishadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG