Ayollarga hunar o'rgatayotgan mohir usta

  • Amerika Ovozi

"O’rama usuldan foydalanaman. Savatlarni to’qishda odatda qayta ishlangan xomashyoni qo’llayman", - deydi Jaki Abrams.

"O’rama usuldan foydalanaman. Savatlarni to’qishda odatda qayta ishlangan xomashyoni qo’llayman", - deydi Jaki Abrams.


Vashingtonda o’tayotgan nufuzli ko’rgazmada (Smithsonian Craft Show) o’nlab talantli hunarmandlar ishini tomosha qilish mumkin. Masalan, ustalardan biri xorijda ayollarga hunar o’rgatib, bilimini baham ko’rib, ularni mustaqil hayotga boshlagan.

Jaki Abrams (Jackie Abrams) savat to’qiydi.

1975-yilda oddiy, kundalik hayotga yaroqli savatlar yasashdan boshlagan. Bugunga kelib mahsuloti murakkab, mahorati oshgan.

“O’rama usuldan foydalanaman. Savatlarni to’qishda odatda qayta ishlangan xomashyoni qo’llayman. Boshqa savatlarimni paxta, qog’oz va simdan to’qiyapman. Shaklan ayollarni eslatadi ba’zilari. Tayyor mahsulotni har xil qilib bezashga urinaman. Masalan, qum sepib, bo’yoq tortsa bo’ladi”, - deydi u.

Usta ayol uchun bular -- san’at asari.

Jaki Abrams va 120 dan ziyod boshqa hunarmand Vashingtondagi Smitson ko’rgazmasida ijodini namoyish qilmoqda. AQShdagi eng nufuzli tomoshalardan biri bu.

“Oxirgi 17 yildan beri to’rtinchi bor kelishim. Nihoyatda xursandman”, - deydi Abrams.

Ko’rgazmada yuzlab nodir, kamsonli san’at asarlari bor... Shisha, yog’och, matodan yaratilgan ijodiyot… Kartoshka va suvoqdan ishlangan rangba-rang mayda haykalchalar, dioramalarga qarab odamning ko’zi yayraydi.

Lekin Abrams uchun bu tomosha ko’pqirrali ijodning bir sahifasi, xolos.

U 2005-yildan beri Afrikada xotin-qizlar bilan ishlaydi.

Ganada, xususan, ayollarga hunarini, bilganini o’rgatadi:

“Qayoqqa qaramang, axlat, chiqindi, sellofan xaltalar yotar edi. Shularning hammasini yig’ib, qayta ishlab tozalab, savat va boshqa buyumlarni yasashda qo’lladik. Plastik paketlardan ip sifatida foydalanib, qapchiqlar, karmonlar, sumkalar to’qishni o’rgatdim”.

Bundan tushgan daromad yordamida ayollar oilalarini boqa boshladi. Haqiqiy kasbga aylandi ular uchun. Hunarmand Jaki Abrams

Hunarmand Jaki Abrams


“Bu xotin-qizlar endi erlaridan iqtisodiy jihatdan mustaqil. Oilada ham obro’si, o’rni balandroq endi. O’ziga ishonchi ham ortishi aniq”, - deydi Abrams.

Jaki Abrams Afrikaga qaytib, ayol hunarmandlar bilan yana ishlash niyatida.

Hozircha esa savatlari tomoshabin va xaridor ko’ngliga o’tiradi, kelasi yili yana Smitson ko’rgazmasiga taklif qilishadi, deya umid qilmoqda. Jaki Abrams Afrikada hamkasb xotin-qizlar bilan

Jaki Abrams Afrikada hamkasb xotin-qizlar bilan

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG