Breaking News

Smitson O'zbekiston bilan hamkorlikka tayyor


Smitson O'zbekiston bilan hamkorlikka tayyor
Smitson O'zbekiston bilan hamkorlikka tayyor

O’zbekiston muzey va kutubxonalari haqiqiy durdona, biroq e’tibor, zamonaviy malaka, mablag’ va yangi kadrlarga muhtoj. AQShning nufuzli Smitson ilmiy tadqiqot instituti xodimlari O’zbekistonda bo’lib, shunday xulosaga keldi.

Smitson muzeyi olimasi Xanna Shepanovska (Hanna Szczepanowska) shu yilning avgustida O’zbekistonda bo’ldi. Toshkent, Buxoro, Samarqand, Xorazm, Nukusda san’at asarlari, kitoblar va me’morchilik namunalarini saqlab, restavratsiya qilish haqida ma’ruzalar o’qidi.

Smitson O'zbekiston bilan hamkorlikka tayyor
Smitson O'zbekiston bilan hamkorlikka tayyor

2010-yilda Smitson mutaxassislari birinchi bor O’zbekistonga bordi.

“Mening safarim hamkorlikning davomi edi”, - deydi u.

Xanna Shepanovska Janubiy Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasida ishlagan. Olimaning aytishicha, mablag’ va kadrlar kam bo'lsa ham nodir asarlarni asrash yo'llari bor.

Xorazmda, deylik, qurt-qumursqa muzeylarning bosh og’rig’i. Buxoro va Urgenchdagi jazirama harorat kitoblarni vayron qilishi mumkin. Shahrisabz va Xivadagi muzey ahli keramika-sopolni saqlash bo’yicha malakaga muhtoj.

“Mana shu muammolarni yechishda o'z metod va qo'llanmalarimiz bilan yordam berishga qodirmiz”, - deydi Xanna Shepanovska.

"Mahalliy kadrlar o’z muammolarini juda yaxshi biladi va murakkab vaziyatdan chiqishning ajoyib yo’llarini izlab topmoqda. Masalan, Urgenchdagi kutubxonada kislotadan xoli maxsus qoliplar yo’qligi bois nodir kitoblarni chit matoga o’rab saqlashar ekan”.

Umuman, deydi amerikalik ekspert, kutubxonalarga pishiq javonlar, harorat -namlikni bir maromda ushlab turuvchi sistema kerak.

Smitson instituti xodimi Xanna Shepanovska Buxoroda hamkasblari bilan
Smitson instituti xodimi Xanna Shepanovska Buxoroda hamkasblari bilan

Ekspert Nukusda Igor Savitskiy nomidagi muzey va uning xodimlariga qoyil qoldi. Muzey Ispaniya, Bolgariya va Chegara bilmas konservatorlar bilan hamkorlik qiladi. Amerika kino ustalari Savitski muzeyi haqida hujjatli film ishlab, shu yilning martida ommaga namoyish etdi. Mamnu san’at sahrosi (The desert of forbidden art) nomli kinoasar katta shuhrat qozondi.

AQSh Kongress Kutubxonasi O’zbekiston mutaxassislari bilan ishlaydi. Samarqanddagi Afrosiyob muzeyi 20-yildan beri Fransiya olimlari bilan hamkor. Toshkentdagi kutubxona Janubiy Koreyadan yordam oladi.

Xanna Shepanovskaning aytishicha, har bir muzey va kutubxona xodimlari treyning, bilimni yangilab turish zarurati haqida gapirgan. “Konservatsiya – buyum va kitoblarni saqlash arzon emas. Buning uchun qimmat xomashyo kerak”, - deydi Smitson vakili. U yoshlarni sohaga tortish haqida ham to’xtaldi.

“Muzeyda ishlash juda qiziq. Amerikada odamlar xohlab keladi, konservator, muzey kuratori, restavratsiya bo’yicha mutaxassis bo’laman deb. Albatta, buning uchun sarmoya, rag’bat, yaxshi ish haqi, tarixiy merosni ardoqlash haqida bolalikdan tushuncha tarbiyalash kerak. Toki yuqori texnologiya bo’yicha mutaxassis muzey ekspertlari bilan teng maosh olsin”.

Smitson xodimasi, doktor Kerol Nevis (Carole Neves) boshqaruv va tahlil bo’yicha mutaxassis. U hamkasblari Pol Teylor va Viliyam Smit bilan o’tgan yilning bahorida Toshkent, Samarqand, Buxoro va Nukusga safar qildi.

“Masalan, Nukusdagi Savitski muzeyini olsak, internet sayti bilan shug’ullanayotganlar asosan yoshlar. Kurator, rasmlar to’plamini puxta bilganlar esa asosan katta yoshdagilar. Lekin Amerikada ham, sizga aytsam, shu. Qator yo’nalishlarda muzeologlar safi asta-sekin keksayib borayapti. Chunki odamlar bu kasbga xohlab bir kirdimi, boshqa hech yerga ketmaydi”,- deydi Nevis.

Smitson instituti xodimi Xanna Shepanovska Samarqanddagi hamkasblari bilan
Smitson instituti xodimi Xanna Shepanovska Samarqanddagi hamkasblari bilan

Amerikalik mutaxassislar fikricha, O’zbekiston kutubxona va muzeylari orasida internetda sahifa ochganlari sanoqli. Ko’proq auditoriyani jalb qilish uchun global tarmoqda bo’lgan ma’qul.

“Seminarlar o’tkazganimizda odamlar qiziqib tingladi. Ularni sohaning hamma jihatlari qiziqtirar edi. Muzeyni boshqarib, ko’ngillilarni jalb qilish, mablag’ topib, xodimlar bilan ishlash, sharoitni yaxshilash kabi savollar yog’ilib ketdi. Albatta, ularning moddiy imkoniyati AQShdagidek emas, lekin xohish, irodasi ancha ustun”,- deydi Nevis.

Smitson muzeylari, ilmiy markazlari va hayvonot bog’i 70 foiz pulni AQSh hukumatidan oladi. 30 foizini o’zi, xususiy sektor, donorlar, do’kon va restoranlaridan to’playdi.

“AQShda iqtisodiy ahvol bir navi bo’lib turgan paytda Smitson O’zbekistonga pul bilan yordam berishi mushkul. Lekin biz o’qish, malaka oshirish imkoniyatini yaratishimiz mumkin. Masalan, mening qo’l ostimda Turkiya, Ozarbayjon, Gruziya, Hindiston kabi davlatlardan yoshlar kelib yarim-bir yil ishlab ketadi. Mana shunaqa madad kerak bo’lsa, biz tayyor”,- deydi Nevis.

XS
SM
MD
LG