Breaking News

Kongressmen King Snoudenni vatanfurush deb atadi


Kongressmen Piter King (chapda)
Kongressmen Piter King (chapda)
AQSh kongressmenlaridan biri razvedka ma’lumotlarini oshkor qilgan Edvard Snoudenning Milliy xavfsizlik agentligi bilan olishuvda qo’li baland kelgani haqidagi izohlarini qoralab chiqdi. Respublikachi Piter Kingning aytishicha, Snouden vatanfurush.

“Vashington Post” gazetasi Edvard Snoudenning so’zlarini keltirar ekan, uning vazifasi muvaffaqiyatli yakunlanganini xabar qildi. Sobiq agent Rossiyada boshpana olgan, Amerikada esa uni sud kutmoqda.

Snouden AQShning mamlakat ichkarisi va tashqarisida olib borilayotgan kuzatuv ishlarini oshkor etishga majbur bo’lganini aytadi, chunki Amerikaning saylangan vakillari razvedka idorasi faoliyati ustidan nazoratni boy berib, fuqarolar shaxsiy hayotiga aralashgan josuslik dasturlarini jamoatchilikdan yashirgan, deydi u.

Kongress Vakillar palatasining Razvedka qo’mitasi a’zosi Piter Kingning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Snoudenning harakatlarini fidoyilik va vatanparvarlik deb bo’lmaydi.

"Snouden amerikaliklar hayotini xavf ostiga qo’ydi. U dushmanga sirlarimizni oshkor qildi. U qasamyodini buzib, vataniga xiyonat qildi. Unga la’natlar bo’lsin", - dedi Nyu-York shtatidan saylangan qonunchi.

Milliy xavfsizlik boshqarmasining josuslik dasturi erkinlik uchun kurashayotgan faollar, AQShga ittifoqchi davlatlar va yirik texnologik kompaniyalar rahbarlarini g’azabga soldi. Oq uy esa ma’lumot to’plash amaliyotiga o’zgartirish kiritishga majbur bo’ldi.

Snoudenning “Vashington Post” gazetasiga aytishicha, uning bu ishidan maqsadi agentlikni fosh etish emas, uning faoliyatini yaxshilash bo’lgan.

Kongressmen King bu ishning foydadan ko’ra, zarari ko’p bo’lganini aytadi.

"Ittifoqchilarimiz bilan munosabatlarimizga putur yetdi. Amerikaliklar orasida ularning telefon qo’ng’iroqlari muntazam ravishda tinglanayotgani, elektron maktublari o’qilayotgani haqida yanglish tasavvur paydo bo’ldi. Razvedka ishini jamoatchilikka butkul ochiq-oydin qilish mumkin emas", - dedi kongressmen.

Kelasi oy qonunchilar Yangi yil ta’tilidan ishga qaytgach, mavzu muhokamasi davom ettiriladi. Senat Adliya qo’mitasida Milliy xavfsizlik agentligi faoliyati va uni isloh qilish xususida tinglov o’tkaziladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG