Breaking News

Edvard Snouden Rossiyadan boshpana so'radi


Aeroportning tranzit zalida o'tgan uchrashuvda olingan surat
Aeroportning tranzit zalida o'tgan uchrashuvda olingan surat
AQSh davlat sirlarini oshkor etgan Edvard Snouden bugun Moskva aeroportida huquq himoyachilari va advokatlar bilan uchrashib, Rossiyadan boshpana so’rayotganini e’lon qildi.

Kreml qo’yayotgan sharti shuki, Snouden Rossiyada qoladigan bo’lsa, bundan buyon AQShning maxfiy razvedka dasturlariga doir ma’lumotlarni fosh etishdan o’zini tiyishi va siyosiy boshpana so’rab shaxsan murojaat qilishi kerak.

Sheremetyevo aeroportida u bilan muloqot qilgan faollarning aytishicha, Snoudenning Rossiyada qolishdan boshqa iloji ham yo’q, chunki AQSh uning pasportini bekor qilgan. Samolyotga chiqish uchun hujjatlari yo’q hisob.

Sobiq kontraktorga qarshi vatanida jinoiy ish ochilgan. Obama ma’muriyati uni ekstraditsiya qilishni talab qilmoqda.

Edvard Snouden yordam so’rab, kamida 21 davlatga murojaat qilgan va shulardan uchtasi – Boliviya, Nikaragua hamda Venesuela uni qabul qilishga rozi bo’ldi.

30 yoshli kompyuterchi so’zlariga ko’ra, u ko’mak so’rab murojaat qilgan davlatlar AQSh bosimiga uchramoqda.

Sheremetyevo aeroportining tranzit zalida o’tgan uchrashuvda Xalqaro Amnistya (Amnesty International) va Xyuman Rayts Votch (Human Rights Watch) huquq tashkilotlarining vakillari hamda advokatlar qatnashgan.

Edvard Snouden 23-iyun kuni Gonkongdan Moskvaga uchib kelganidan beri ommaga ko’ringani yo’q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG