Snoudenning Rossiyada turish muddati uzaytirilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Edvard Snouden 23-yanvar kuni internet orqali "Twitter" foydalanuvchilari bilan muloqot o'tkazdi.

Edvard Snouden 23-yanvar kuni internet orqali "Twitter" foydalanuvchilari bilan muloqot o'tkazdi.

AQSh milliy xavfsizligiga oid hujjatlarni fosh qilgan Edvard Snouden Rossiyada bu yilning avgust oyiga qadar siyosiy boshpana olgan. Ammo bu davlat deputatlaridan birining aytishicha, Kreml uni chiqarib yuborish niyatida emas.

Dumada Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Aleksey Pushkov Davosda o’tgan Jahon iqtisodiy forumida Snouden masalasini tilga oldi.

30 yoshli Snouden Vashington tomonidan josuslikda ayblanadi. Ammo Rossiya uning ekstraditsiya talabini rad etmoqda.

AQSh Adliya vaziri Erik Xolder agar Snouden o’z aybini bo’yniga olib vatanga qaytsa, hukumat uning advokatlari bilan muzokara qiladi deb bildirgan. Lekin Obama ma'muriyati ayblanuvchiga amnistiya berish niyatida emas.

Internet orqali o’tgan muloqotda Snouden o’zining AQShga qaytishini barcha tomonlar uchun eng maqbul yechim, deb aytgan. Ammo bu imkonsiz, chunki nozik ma’lumotlarni chetga sizdirganlikda ayblangan shaxslarni himoya qiluvchi qonun faqat davlat xizmatchilari uchungina amal qiladi. Snouden Milliy xavfsizlik agentligida doimiy ishchi sifatida emas, balki vaqtinchalik kontraktor bo'lib ishlagan.

Snouden o’tgan bir necha oy mobaynida AQShning maxfiy xavfsizlik dasturlariga oid minglab hujjatlarni ommaga oshkor qildi. Vashington da’vosiga ko’ra, u agentlikning Gavayidagi idorasida ishlab yurgan paytida 1,7 million hujjatni o’g’irlagan.

Snouden mashmashasidan keyin AQShda xavfsizlikka oid maxfiy dasturlar atrofida bahslar avj oldi. Prezident Barak Obama amerikaliklarning telefon aloqalarini zimdan kuzatuvchi programmani cheklashni buyurdi. Masalani o’rgangan maxsus hay'at hatto bu ishni butunlay to’xtatib, shu paytgacha yig’ilgan ma’lumotlarni yo’q qilishni tavsiya etgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG