Snouden: Men Rossiya josusi emasman

  • Amerika Ovozi

Edvard Snouden

Edvard Snouden

AQSh Milliy xavfsizlik agentligining sobiq xodimi Edvard Snouden Rossiya josusi ekani haqidagi iddaolarni rad etmoqda. Uning aytishicha, AQSh maxfiy kuzatuv dasturlariga oid millionlab hujjatlarni fosh etishda yolg’iz o’zi harakat qilgan.

“Nyu-Yorker” jurnaliga Moskvadan turib intervyu bergan Snouden Rossiya josusligiga oid da’volarni mantiqsizlik deb atagan. Uning ta’kidlashicha, maxfiy hujjatlarni oshkor qilishda hukumat u yoqda tursin, hatto biror bir insondan ham yordam olmagan.

Yaqinda ayrim AQSh qonunchilari Snoudenning xorij davlatidan ko’mak olgani haqidagi da’volarni olg’a surdi. Rasmiylarning aytishicha, Snouden Milliy xavfsizik agentligining Gavayidagi idorasidan 1,7 millionta hujjatni o’g’irlab, so'ng siyosiy boshpana olish uchun Rossiyaga qochgan.

Snoudenning bugun Rossiyada yashayotgani tasodif emas, deydi AQSh razvedka amaliyotlarini nazorat qiluvchi kongressmen Mayk Rojers.

“Uning Moskvadagi Federal xavfsizlik xizmati agentlari qo’liga borib tushishida bir gap bor. Buning shunchaki tasodif ekaniga ishonmayman”, - deydi u.

Snouden bu da’volarning yolg’on ekanini ta’kidlab, u dastlab Gonkongga uchganini, so’ng tranzit orqali Rossiyadan Lotin Amerikasiga ketish niyatida bo’lganini aytadi. Uning AQSh pasporti bekor qilingani bois Rossiyadan ucha olmay, 40 kun aeroport ichida qolgan edi.

“Agar josus bo’lganimda, bundan ko’ra yaxshiroq qarov ostiga olingan bo’lardim”, - deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG