Edvard Snouden josusmi?

  • Amerika Ovozi

Rossiya hukumati yaqinda AQSh razvedka xizmatining sobiq xodimi Edvard Snoudenga uch yil mamlakatda qolishga ruxsat berdi. Snouden davlat sirlarini oshkor etgani uchun AQShda josuslikda ayblanmoqda. U amalga oshirgan ishlar haqiqatan ham josuslikmi? Bu haqda mutaxassislar fikri turlicha.

Edvard Snouden Milliy xavfsizlik boshqarmasida ishlagan paytida qo’lidan minglab maxfiy hujjatlar o’tgan. 2013-yilda u idoraning dunyo bo’ylab kuzatuv dasturlariga oid ayrim ma’lumotlarni matbuotga oshkor qila boshladi.

U dastlab Gonkongga, so’ng u yerdan Rossiyaga qochdi. Kreml unga vaqtinchalik siyosiy boshpana berdi. Yaqinda esa u vaqtinchalik Rossiya rezidentiga aylandi.

Amerika universitetida milliy xavfsizlik qonunchiligi bo’yicha mutaxassis Stefan Vladekning aytishicha, Rossiya tutgan yo’ldan ajablanmasa ham bo’ladi.

“U hanuz Amerika xavfsizlik idoralari uchun boshog’riq bo’lib turibdi. Muhimi, u kamida Obama ma’muriyati faoliyati yakunlanguncha yashash joyiga ega. Ungacha Snoudenga doir qarashlar, uning AQShga qaytish ehtimoli bo’yicha vaziyat butunlay o’zgarishi mumkin”, - deydi u.

Snoudenga Rossiyada yashashga ruxsat berilishi uning josus yoki josus emasligiga oid bahslarni yana qizitib yubordi.

Kolumbiya universitetida milliy xavfsizlik bo’yicha ekspert Richard Bets Snoudenning josus ekaniga ishonadi.

“Menimcha, u josus. Chunki sir saqlashga ont ichib, uni buzdi. Hech kim o’z vijdoni yoki qarori haq deb bilgan narsani qonundan ustun qo’ymasligi kerak. U AQSh hukumatining maxfiy axborot to’plash salohiyatiga zarar yetkazdi”, - deydi Bets.

Stefan Vladek esa boshqacha fikrda.

“Snoudenning xoinlik qilgani haqida biror dalil yo’q. Xiyonatning qanday jinoyat ekani AQSh qonunida aniq belgilab qo’yilgan. U AQShga qarshi urush ochish bilan barobar. Snouden jinoyatchi bo’lishi mumkin. U Josuslik haqidagi qonunni buzgani shubhasiz. Ayni paytda u vatanparvar bo’lishi ham mumkin. Bu ma’naviyatga tegishli masala. Bir narsaga kelishib olganimiz ma’qul: u sotqin emas. Sotqinlik atamasining aniq huquqiy ta’rifi bor. Snoudenning sotqin ekanini qo’llab-quvvatlovchi hech qanday dalil yo’q”, - deydi tadqiqotchi.

Josuslik haqidagi qonun 1917-yilda qabul qilingan. AQSh o’shanda Birinchi jahon urushiga endi qo’shilgan edi. Hujjat asosan “klassik josuslik”, ya’ni xorijiy davlat agentining AQShda josuslik faoliyatini o’z ichiga olgan edi.

Bu qonun bugun eskirdi, deydi Vladek.

“Josuslik haqidagi qonun uchta faoliyatni qamrab oladi – klassik josuslik, axborot uzatish va uni ommaga fosh qilish. Milliy xavfsizlikka oid axborot uni ko’rishga haqqi bo’lmagan uchinchi tomonga yetkazilgan har qanday holatda bu uch faoliyatga bir xil baho beriladi”, - deydi Amerika universiteti tadqiqotchisi.

Vladek va boshqa mutaxassislarning aytishicha, Josuslik haqidagi qonun shu paytgacha kamdan-kam hollarda qo’llanilgan. Ammo so’nggi yillarda AQSh hukumati ommaga fosh qilinayotgan axborotlar yo’lini to’sishda yana shu qonunga murojaat qilishni boshladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG