Futbol - birdamlik garovi


Georgiy Bitadze. Yoshlar futbol jamoasida murabbiy.

Georgiy Bitadze. Yoshlar futbol jamoasida murabbiy.

Odamlar yoqalashmoqchi bo’lsa, sport maydonida olishsin. Tepishmoqchi bo’lsa, ana, to’pni tepsin. Kuchi yetsa, futbolda raqibini mag’lub etsin. Virjiniyadagi muhojir jamoasi ana shu qoida asosida yashaydi. Ular tuzgan komandada Gruziya, Belarus, Rossiya, o’zbekistonlik migrantlar bor.

Insonlarni sport kabi birlashtira oladigan kuch sanoqli. Ayniqsa, futbol chegara bilmaydi, nizolarni unuttirib, sog’lom hayotga yetaklaydi.

Gruziyalik shaddod Georgiy Bitadze miltiq ko’targandan ko’ra, to’p tepgan afzal, deya ishonchi komil. Yoshlar futbol klubida murabbiy u. Virjiniyadagi futbol jamoasiga ikki yil oldin qo’shildi.

“Hammamiz futbol ishqibozimiz. O’yindan keyin o’tirib gurung qilamiz. O’zim, masalan, ikki gruzin bolani olib keldim o’yinga. Ana, mashq qilishayapti. Yaxshilab ruslarni urmoqchimiz. To’p bilan! Men Amerikaga kelishdan oldin Moskvada ikki yil yashadim. Menimcha, odam odam bilan doim kelishishi mumkin. Miltiq ko’tarib yurgandan ko’ra, to’p tepgan yaxshi. Mayli, bir-birimizni tanqid qilsak ham, prezidentlarni so’ksak ham, har holda yaqinmiz, yurtlarimiz tanish”, - deydi u.

Jamoa 10 yil oldin paydo bo’lgan. Rossiyalik Greg Gurshman chang’i uchish bo’yicha instruktor. Professional futbol jamoasi emasdirmiz, lekin ajoyib og’aynilarmiz, deydi u.

“Maza qilib vaqt o’tkazish uchun yig’ilamiz. Lekin o’yinlar juda jiddiy o’tadi. Albatta, jamoamizda ba’zilar professional futbol bilan shug’ullanadi, hafta davomida asosiy ishi shu. Bu yerga esa faqat dam olish kunlari kelamiz, maydonni ijaraga olamiz. Safimiz juda keng - Angliya futbol ligasiga qiyoslasa bo’ladi. Rossiya, Gruziya, O’zbekiston, Moldova, Ukraina, Albaniya, Boliviyadanmiz”, - deydi u.

Moldovalik iqtisodchi, xushchaqchaq Valeriy Volkov bilan tanishamiz:

Sergey Tarasov, o'zbekistonlik

Sergey Tarasov, o'zbekistonlik

“Odamning doim qandaydir fikri bo’ladi, jahli chiqadi. Lekin biz barcha tafovutlarni esdan chiqarishga harakat qilamiz. Maydonda esa futbol haqida tortishamiz. Dam olamiz, xullas. Sobiq sovet hududida bugun nima bo’layotganidan qati nazar odamlar murosa qilishi mumkin. Sport esa bunda juda yordam beradi”, - deydi u.

Valeriy Volkov, belaruslik

Valeriy Volkov, belaruslik

Sergey Tarasov Toshkentda tug’ilib katta bo’lgan. So’ng oilasi bilan avval Rossiyaga, keyin Amerikaga ko’chib ketgan. Olti yildirki, shu birodarlari bilan to’p tepadi. U ombor muovini.

“Juda yaxshi ko’raman O’zbekistonni. Ayniqsa, Oloy bozoriga borib, savdolashib maza qilar edim. Bu jamoada esa besh yildan beri to’p tepaman. Charchog’imni yozish uchun kelaman. Ko’rdingiz, yaxshi futbolchi emasman, lekin yigitlar bilan ko’rishib, chaqchaqlashish maza”, - deydi Sergey.

XS
SM
MD
LG