Breaking News

Sochida ishchi muhojirlar qul qilib ishlatilmoqda


Sochi Olimpiadasiga tayyorgarlik Rossiyadagi mehnat muhojirlarining huquqlari toptalishiga sabab bo’lmoqda.

Sochi Olimpiadasi - O'zbek Migrantlar/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:47 0:00
Yuklab oling


Xyuman Rayts Votch (Human Rights Watch) xalqaro inson huquqlari tashkiloti quruvchi kompaniyalar tomonidan muhojirlarni aldash, majburiy ishlatish, ish haqini to’lamaslik hollari ko’payganini qayd etadi.

Bu haqda yozayotgan jurnalistlar esa tazyiqqa olinayotgani ma’lum.

2014-yilda Sochida o’tishi kutilayotgan qishki Olimpiya o’yinlari uchun sport obyektlarini qurish ishlariga O’zbekistondan ham minglab menhat muhojirlari jalb qilingan.

Ammo va’da qilingan mo’may ish haqi yo’q, mehnat sharoiti esa og’ir. Imkon topganlar Sochidan jo’nab ketishmoqda, qolganlar esa qullik sharoitida bo’lsa-da ishlashda davom etishmoqda.

Human Rights Votch tashkiloti bu boradagi hisobotida ishchilar maoshini ololmayotgani, norozilik kuchli ekani, qurilish haqida tanqidiy chiqishlarga taqiq qo’yilgani va jurnalistlar bosimga uchrayotgani haqida yozadi.

Musobaqaga tayyorgarlik Rossiyada korrupsiya miqyosini ham, inson huquqlariga nisbatan munosabatni ham yaqqolroq namoyon etadi.

Rossiyada yashayotgan huquq himoyachisi Bahrom Hamroyevga ko’ra, avvaliga qurilishda ishlashga qiziqish kuchli bo’lgan.

“Reklama qilishdi muhojirlar o’rtasida. Ko’pchilik borib, afsuslanib qaytib keldi, chunki u yerda pul bor, pul bor joyda albatta mintaqa ishchilarini aldash yo’lga qo’yiladi. Ish beruvchilar ham, ishga oluvchilar ham, vositachilar ham o’zbek xalqi mutlaqo qarovsiz qolib ketganini yaxshi biladi. O’zbekiston davlati biron marta Rossiya hukumatiga o’z fuqarolari uchrayotgan muammolar haqida gapirmaganini hamma yaxshi biladi. Xullas, muammoning yechimi yo’q, xoh Sochida bo’lsin, xoh Moskvada. Rossiya korrupsiyalashib borayotgan bir davlat”, - deydi Hamroyev.

Menhat muhojirlaridan biri, o’zbekistonlik Rustam shunday deydi:

“Mart oyidan iyunga qadar Sochida qurilishda ishladim. Hujjat masalasida ko’p qiynaldik, deportatsiyaga tushganlar ham bo’ldi. Boshida yaxshi edi, keyin ishlarimiz ham ushlanib qoladigan bo’ldi. Bir joyda qolib ketib, ancha vaqt yo’qotdik”, - deydi u.

Rustam qurilish maydonchasidan tashqariga chiqarilmagan. Ishlar to’xtab qolgach, ish topish maqsadida Moskvaga kelgan.

“Men hujjatsiz ishlaganman, prorabni o’zi buning uchun militsiyalargami, kimlargadir pul berib turgan patentni o’rnida. Xullas, davlatga to’lamaganman, hujjatlarim bo’lmagani sabab tashqariga ham chiqmaganman. Lekin o’zbekistonliklar juda ko’p Sochida, ayniqsa andijonliklar ko’p edi”, - deydi Rustam.

Rossiya hukumati Olimpiadaga tayyorgarlik ishlari uchun millionlab dollar ajratgan bo’lsa-da, qurilishda, jumladan ish haqlarini to’lashda mablag’ yetishmasligi, ishchilar noroziligi ana’naviy tus olgan. Ayrim ishchilar hujjatlari va yo’l puli yo’qligi uchun ham Sochini tark eta olmayotganini aytadi.

Kreml Olimpiadaga tayyorgarlik qanday ketayotganini jamoatchilikdan sir tutishga urinayotganlikda ayblanadi. Mustaqil matbuotdagi tanqidlarga ko’ra, Olimpiada mahalliy aholi uchun bayram emas, balki ko’ngilsizlikka aylangan.

Qurilish tufayli uy-joyi buzilgan odamlar hukumat to’lagan tovondan mutlaqo norozi, ularning arz-dodini hech kim eshitmaydi.

Rossiyada bloggerlar sport obyektlari asosan mehnat muhojirlarini ommaviy jalb etish hisobiga qurilayotganini yozadi. Ular qanday mashaqqatlarni boshdan kechirayotgani, aksariyati mutlaqo haq-huquqsiz, qullarcha ishlatilayotgani haqidagi chiqishlar esa juda kam.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG