Breaking News

"Aleksandr Sodiqovni qo'yib yuboring"


Aleksandr Sodiqov Tojikiston siyosati, madaniyati va bu mamlakat xalqi yuzlashayotgan masalalar haqidagi tahliliy maqolalari bilan tanilgan.
Aleksandr Sodiqov Tojikiston siyosati, madaniyati va bu mamlakat xalqi yuzlashayotgan masalalar haqidagi tahliliy maqolalari bilan tanilgan.

Parijda asoslangan Chegara bilmas muxbirlar (RSF) tashkiloti Tojikiston hukumatini olim va blogger Aleksandr Sodiqovni qamoqdan qo’yib yuborishga chaqirmoqda. Kanadadan borgan tadqiqotchi Tojikistonda 16-iyun kuni ushlangan va xorij davlatiga josuslik qilganlikda gumon qilinayapti.

Mojarolarning oldini olish mavzusida izlangan Sodiqov Tog’li-Badaxshonning Xorug’ shahrida hibsga olingan. U shaharda muxolifatchi Olim Sherzamonov bilan uchrashgan, o’sha kuniyoq xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan olib ketilgan.

Uch kun sukut saqlagan Xavsizlik bo’yicha davlat qo’mitasi 19-iyun kuni Sodiqov hibsda ekani va Dushanbedagi turmaga jo’natilganini tasdiqlagan.

Aleksandr Sodiqov Tojikistonda tug’ilib o’sgan; shu yerdagi xalqaro nodavlat tashkilotlarda 10 yillik tajribasi bor. 2012-yildan beri Kanadada yashaydi, Toronto Universitetida ilmiy izlanish qilayapti. Internetdagi blogida Tojikiston va qo’shni davlatlardagi siyosiy, ijtimoiy muammolarni tahlil qiladi.

O’tgan hafta mahalliy televideniyeda Sodiqovning so’roqqa tutilishidan parchalar ko’rsatilgan. Unda tadqiqotchi Sherzamonov bilan uchrashuvi haqida, muxolifatchining Tojikiston hukumati va xavfsizlik xizmati haqidagi qarashlari haqida gapirgan.

Huquq himoyachilari nazarida Tojikiston rasmiylari bu ish orqali muxolifat yetakchisi, Sotsial-demokratik partiya vakili Olim Sherzamonovning nomini qoralamoqchi.


“Sodiqovning yashirincha hibsga olinishi va qamoqda saqlanishi, televideniye orqali bayonot berishga majburlanishi adolatdan darak emas, uning oqilona sudlanishiga ishonch yo'q", - deydi Joxan Bir, "Chegara bilmas muxbirlar" ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha vakili.

“Sodiqov darhol qo'yib yuborilishi kerak. Unga qo'yilayotgan asossiz, safsata ayblovlar bekor qilinishi lozim. Hukumat o'z tanqidchilarining ovozini o'chirmoqchi. Bunday siyosatni bas qilish kerak", - deydi Bir.

Sherzamonov 21-may kuni Xorug'da hukumat kuchlari tomonidan otib o'ldirilgan ikki kishidan birining amakisi. Rasmiy manbalarga ko'ra, Sherzamonov bu hududda davlatga qarshi ketayotgan kurash ortida turgan shaxslardan.

2012-yilning iyul oyidan beri Xorug'da bir necha qonli to'qnashuvlar kuzatilgan. Mintaqa chet elliklar va jurnalistlarga yopiq.

Milliy xavfsizlik xizmati rahbari Saymo'min Yatimov 19-iyun kungi bayonotida davlatga xorijiy josuslar tahdid solmoqda, ular ko'p hollarda nodavlat tashkilot xodimi niqobi ostida keladi deya da'vo qildi.

10-iyundan beri YouTube va Google Tojikistonda to'sib qo'yilgan. Respublika dunyodagi eng yopiq jamiyatlardan biri sanaladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG