Quyosh nuri - arzon va qulay energiya manbai

  • Amerika Ovozi

Indiana shtatida maktablar quyoshdan quvvatlanishga o'tmoqda

Quyosh nuridan quvvatlangan uyda yashash o’tgan o’n yillikda insoniyat uchun 60 foizga arzonlashgan. AQShda bir milliondan oshiq xonadon hozir faqat shu texnologiya asosida kun kechiradi. Maktablar oftobdan tok ishlab chiqaruvchi vositalarni jadal tarzda ishga solmoqda. Indiana shtatida bo’ldik.

Fremont shahrida aholi azaldan quyoshdan samarali foydalangan. Ekinzorlar keng. Ko’llardagi suv iliq. Sayyohlar ko’p keladi. Ko’rkam go’sha. Mahalliy ta’lim boshqarmasidan Vilyam Stittning aytishicha, maktablar zamon talabiga javob beradi.

“Texnologiya shu qadar tez rivojlanyaptimi, tokni quyoshdan olish har tomonlama oson va arzon. Maktablarni bu yo’l bilan quvvatlantirish ayni muddao”, - deydi u.

Tuman 3 million dollar ajratib, barcha turdagi maktablarni muqobil energetika tizimlariga o’tkazmoqda. Quyosh – asosiy manba.

Ikki yarim gektarlik maydonda to’rt mingga yaqin panel o’rnatilgan. Yer ham, texnologiya ham, butun loyiha ta’lim boshqarmasiga tegishli.

Vositalarning hammasini tuman hokimiyati 20 yilga mahalliy energiya kompaniyasidan ijaraga olgan.

Tizimni boshqarayotgan Kim Kvikning aytishicha, maktablar faqat foyda ko’radi. Panellar 20 yil emas, 40 yil bemalol ishlaydi, deydi u.

“Hozirgi xarajatlar juda asosli. Quyosh nuriga tayanmaganimizda ham shuncha pul ketgan bo’lar edi. Lekin tokning bahosi ko’tarilmaydi, chunki kelasi 20 yil mobaynida bu texnologiya arzonlashsa arzonlashadiki, qimmatlashmaydi. Vositalarni Ijaraga bergan kompaniya to’lovni, deylik, 6 foizga oshirsa ham zarar ko’rmaymiz”, - deydi mutaxassis.

Panelli tomlarni Amerika bo'ylab har yerda ko'rasiz

Panelli tomlarni Amerika bo'ylab har yerda ko'rasiz

20 yildan keyin bu vositalar avtomatik tarzda maktablarning mulkiga aylanadi. Bu degani, tok tekin.

Panellar tinimsiz ishlaydi. Ortib qolgan energiya saqlanadi yoki boshqa inshootlarni quvvatlash uchun ishlatiladi. Maktablar uchun daromad manbai ham bo’lishi mumkin.

“Yil bo’yi ishlab chiqaradi. Bu texnologiya to’xtovsiz harakatda”, - deydi Kvik.

Hozir AQSh maktablarining atigi 3 foizi tokni shunday tarzda oladi. Mamlakatda 125 ming maktab bo’lsa, ularning 72 mingtasi hozirdanoq millionlab dollarni asrash imkoniyatiga ega. Quyosh nuridan quvvat olishga o’tsa bas. Panellarni tomga, qolaversa, har qanday ochiq joyga o’rnatish mumkin. Har qanday maktab yiliga o’rtacha 1 million dollar foyda ko’rishi mumkin, deydi mutaxassislar.

Kelajak muqobil manbalarda, deydi Vilyam Stitt. Bolalar bilim olayotgan dargoh ulardan foydalanayotgani chuqur ilmiy ahamiyatga ega. O’quvchilar uchun bu borada alohida darslar tashkil etiladi. Texnologiya, muhandislik va matematika hozirda yosh avlod qiziqib o’rganayotgan sohalar. Energetik kashfiyotlar – sevimli mavzu.

“Istiqbolda farzandlarimiz va ularning avlodlari quyosh nuridan quvvat olishga o’tib, ajdodlarimiz juda aqlli ish qilgan deya olsin”, - deydi Stitt.

Fremont shahrida kelasi o’quv yilida bir necha maktab yangi texnologiya asosida ish boshlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG