Somalilik qochqinlar vataniga qaytmoqda

  • Amerika Ovozi

Dadaab qochqinlar lageridagi somalilik oilalar.

Dadaab qochqinlar lageridagi somalilik oilalar.

Qochqinlar vatani Somaliga qaytar ekan, rasmiylar xavotiri shuki, mamlakatdagi qashshoqlik ularni radikal to'dalarga qo'shilishga majbur qilishi mumkin. Buning oldini olish uchun Amerika qochqinlar kengashi nomli xalqaro agentlik yoshlar oyoqqa turishiga yordam berayapti.

Abdulla Muhammad avtomobil motorini tuzatishni o'rganayapti.

Muhammad kamerada yuzini ko'rsatgisi kelmadi. U Keniyadagi Dadaab qochqinlar lageridan qaytgan somaliliklardan.

U hayotini qayta boshlamoqchi.

"Tez orada mustaqil hayot kechira olaman, boshqa yurtdoshlarga ham yordam beraman degan niyatim bor. Qochqin degan so'zni unutishni xohlayman", - deydi u.

O'nlab yoshlar yillar davomida qochoqlar shaharchasida yashab, endi kasbiy ko'nikma orttira boshlagan. Bu orada, Keniya hukumati somalilik qochqinlar lagerini kelasi yil yopishni rejalamoqda.

Talabalarni Amerika qochqinlar kengashi nomli xususiy tashkilot o'qitayapti. Bu agentlik Somalidagi kichik bizneslar bilan hamkorlik qilib, yoshlarni kamida uch oylik kurslarga joylab keladi.

Studentlar, masalan, deraza romlari yasashni o'rganmoqda. Aksariyati uch oy oldin vatanga qaytgan. Ulardan biri Shafiy Ali ham o'zi, ham boshqalarni oyoqqa turg'izmoqchi:

"Mashg'ulotlarni tugatgach, ustaxona ochmoqchiman. Yurtimizga qaytayotgan boshqa yoshlarni ham o'qitib, ish bilan ta'minlasam deyman".

Oxirgi oylarda somalilik 34 ming qochoq Dadaab lageridan vataniga qaytgan. 18 ming nafari Somalining port shahri Kismayoga kelib joylashayapti.

Ko'plar yo'qsillikdan qiynalmoqda. Rasmiylar jangarilar bu vaziyatdan foydalanadi, deya xavotirda.

"Qaytayotganlarning ayrimlari o'rta maktab bitiruvchilari. Ular aniq fanlardan xabari bor. Al-Shabab kabi jangarilar ularni safiga tortib, bomba yasashni o'rgatishi hech gapmas. Yoshlarni yo'ldan urish oson. Ular o'ylagan maqsadlariga yetish uchun malaka, ta'lim yoki mablag'i bo'lmasa, razil guruhlarning quroliga aylanishi mumkin", - deydi Kismayo rasmiysi Abdu Ibrohim Abdubar.

Mashg'ulot markazlarini tuzgan tashkilotlar bu yoshlar bilimli, kasbli bo'lib, Somaliga farovonlik qaytishiga hissa qo'shadi degan umidda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG