Breaking News

Terrorchi guruhlar safidagi amerikalik yoshlar


AQShda 14 kishiga Somalidagi jangari guruhlarga ko’maklashganlik aybi qo’yilmoqda. Aksariyati Amerika fuqarolari – Minnesota, Kaliforniya va Alabama shtatlaridan.

Ayblanuvchilardan ikki nafari hibsda, qolganlari qidiruvga berilgan. Ular al-Shabab jangari guruhiga Amerikadan odam yollash va pul to’plashga ko’maklashgan, deydi prokurorlar.

Sud ishi davom etar ekan, rasmiylar ekstremistik ideologiya Amerika jamiyatida ham ildiz otayotganidan tashvishda.

Uganda poytaxti Kampalada o’tgan oy dahshatli portlash 76 odamni hayotdan olib ketdi. Hujumni Al-Shabab, al-Qoidaga aloqador jangari guruh amalga oshirgan. Uganda askarlari Afrika tinchlikparvar kuchlari safida xizmat qilayotgani uchun.

AQSh Adliya vaziri Erik Xolderning aytishicha, Amerikada 14 kishi al-Shababga yordam berib turgani aniqlandi. Ular orasida ayollar ham bor.

"Afsus bilan qayd etamanki, jihodchilar oqimiga qo’shilayotgan amerikaliklar ko’paymoqda. Xorijda va bu mamlakatning o’zida terror xurujlari rejalab, uni amalga oshirishga harakat qilgan fuqarolar",- deydi Xolder.

Terrorizmda ayblanganlarning ko’pi Somalida, al-Shabab guruhiga qo’shilib, bu davlat hukumatiga qarshi jang qilayotgani ma’lum. Qo’shma Shtatlar 2008 yili al-Shababni terrorchi tashkilot deb belgilagan.

"Biz olib borayotgan tergov va jinoiy ishlar al-Shabab kabi jihodchi guruhlarga qo’shilmoqchi bo’lib yurganlarga ogohlantirish. Bilingki, shu yo’lni tanlasangiz, qolgan umringiz qamoqda chiriydi. Yoki Somalidagi jang maydonida zavol bo’lasiz", - deydi AQSh Adliya vaziri.

Abayte va Avaz Usmon, AQShning Minnesota shtatida yashovchi oila, 2008 yili o’g’illari bedarak ketgani haqida xabar berishgan. Al-Shabab ularning mahallasida odam yollayotgani haqida mish-mish yurgan edi.

"Turmush o’rtog’im internetni kezayotib, o’g’limizning rasmini ko’rib qolgan",- deydi Abayte, ona.

19 yoshli Jamolning jasadi Somalida topilgan. Harbiylar uning rasmini internetga qo’yishgan ekan.

"Bo’lgan voqeadan dahshatdamiz. Joyi jannatda bo’lsin",- deydi ona.

1990-yillar boshida Somalining so’nggi layoqatli hukumati qulagach, Qo’shma Shtatlar bu davlatdan minglab muhojir qabul qilgan. Ularning ko’pchiligi Minnesota shtatining Minneapolis shahrida yashaydi. Al-Shabab jangari guruhi aynan shu yerdan odam yollagan, deydi rasmiylar.

Taxminlarga ko’ra guruhga 50 ka yaqin amerikalik qo’shilgan bo’lishi mumkin. Shulardan 10 nafari Minnesotadan.

Ugandadagi qonli portlashlar al-Shabab qo’shni davlatda amalga oshirgan ilk xuruj. Rasmiylar ularning AQShga ham qo’li yetishini rad etmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG