"Islomiy davlat" yana bir amerikalikni qatl etdi

  • Amerika Ovozi

Jangarilar qo'lida halok bo'lgani aytilayotgan amerikalik jurnalist Stiven Sotloff.

Jangarilar qo'lida halok bo'lgani aytilayotgan amerikalik jurnalist Stiven Sotloff.

"Islomiy davlat" terror guruhi e'lon qilgan yangi videoda amerikalik jurnalist Stiven Sotloffning boshi tanasidan judo qilingani tasvirlangan.

AQSh Davlat departamenti internetda paydo bo'lgan tasvir qanchalik haqiqiy ekanini tekshirmoqda.

O'tgan oy amerikalik yana bir jurnalist Jeyms Foli shu tarzda o'ldirilgani ma'lum bo'lgan edi. O'shanda Sotloff ham ko'rsatilib, agar Amerika guruhga qarshi hujumlarni bas qilmasa, u va boshqalar ham vahshiyona tarzda qatl etilishi mumkinligi aytilgan edi.

Sotloff 2013-yilning avgust oyida Suriyada yo'qolgan va keyinchalik garovga olingani aniqlangan. Jurnalist "Time" va "Foreign Policy" singari siyosiy jurnallarning muxbiri edi. Mojaro nuqtalarini yoritib nom qozongan mutaxassis.

Yaqinda Sotloffning onasi Sherli Sotloff ekstremist guruhga murojaat qilib, xususan, uning lideri Abu Bakir al-Bag'dodiyga iltimos bilan chiqib, "o'g'lim begunoh, uni qo'yib yuboring" deya yolvorgan edi.

Sotloff videoda Jeyms Foli singari qo'ng'ir rangli kiyim-boshda, uni qatl etgan shaxs esa qora kiyim va niqobda aks etgan.

Sotloff dashtlikda tizzasiga cho'kkan. Video oxirida niqobdagi odam navbatda yana bir mahbus borligini aytadi. U odam britaniyalik Deyvid Kovtorn Xeyns ekani ma'lum.

Video qachon olingani mavhum.

"Islomiy davlat" Iroq shimoli-g'arbi va Suriya sharqida katta hududni bosib olgan.

Qo'shma Shtatlar havo kuchlari guruhni bir oydan beri nishonga olmoqda.

Inson huquqlari tashkilotlari to'plagan ma'lumotlarga ko'ra, shuningdek, "Amerika Ovozi" va boshqa axborot vositalarining muxbirlari aniqlashicha, "Islomiy davlat" Iroq shimolida etnik qatliomlarga zo'r bermoqda. O'zini musulmon deb bilmagan odamlar yoppasiga o'ldirilayotgani aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG