Janubiy Afrika siyosatchisi: AQSh hukumatimizni qulatmoqchi

  • Amerika Ovozi

Afrika Milliy Kongressi Bosh kotibi Gvede Mantashe Vashingtonni Janubiy Afrikada hukumatni o’zgartirishga urinayotganlikda ayblagan edi.

Afrika Milliy Kongressi Bosh kotibi Gvede Mantashe Vashingtonni Janubiy Afrikada hukumatni o’zgartirishga urinayotganlikda ayblagan edi.

Janubiy Afrikaning hukmron partiyasi vakili AQSh rahbariyatini qonuniy ravishda saylangan hukumatga qarshi faoliyat yuritayotganlikda aybladi.

Afrika Milliy Kongressi so’zlovchisi Zizi Kodvaning ta’kidlashicha, 1962-yilda Amerika Markaziy razvedka boshqarmasi Janubiy Afrikaning aparteid hukumatiga Nelson Mandelani hibsga olishda yordamlashgan.

Iqrchi aparteid hukumatga qarshi kurashgan Mandela umrining 27 yilini qamoqda o’tkazgan. Siyosiy vaziyat o’zgargach, 1994-yilda u mamlakatning birinchi qora tanli prezidenti etib saylandi. 2013-yilda arbob hayotdan ko’z yumganida janubiy afrikaliklar aza tutdi. Dunyo bo’ylab u tinchlik va tenglik kurashchisi sifatida tanilgan.

Kodvaning ta’kidlashicha, AQSh razvedka agentlari Janubiy Afrikada hamon faol.

"Biz yaqinda demokratik yo’l orqali saylangan hukumatimiz faoliyatiga to’siq qo’yishga urinishlarga guvoh bo’ldik. Ular hech qachon bu yerdagi faoliyatini to’xtatmagan. Bu yerda rejimni o’zgartirishni istaganlar bilan AQSh razvedka boshqarmasi hamon hamkorlik qiladi”, - dedi u mahalliy matbuot orqali.

Ammo mamlakat Tashqi ishlar vazirligi iddaolarni darhol inkor etdi.

“Bu hukumatimiz qarashlari emas. Hukumat fikricha, AQSh bilan munosabatlatimiz kuchli, iliq va samimiy”, - dedi so’zlovchi Kleyson Monyela.

Ikki davlat o’rtasida savdo-sotiq 21 milliard dollarga teng.

Fevralda Afrika Milliy Kongressi Bosh kotibi Gvede Mantashe Vashingtonni Janubiy Afrikada to'ntarish uyushtirishga urinayotganlikda ayblagan edi.

“AQSh elchixonasida mintazam ravishda turli uchrashuvlar o’tayotganidan xabarimiz bor. Bu uchrashuvlardan maqsad rejimni o’zgartirishda yordamlashish”, - degan edi u.

O’shanda AQShning Janubiy Afrikadagi elchisi Patrik Gaspard iddaolarni inkor etib, “davlat to’ntaruvi bo’lsa, Mardi Gra festivalidaka bo’lsin – turli taomlar, musiqa va raqslar bilan” deb hazillashgan edi.

Bu safar esa hech kim hazil qilmayapti.

“Janubiy Afrika - Qo’shma Shtatlarning strategik hamkori va do’sti, - dedi “Amerika Ovozi”ga bergan bayonotida Amerika elchixonasi so’zlovchisi Sindi Harvi.

"AQSh Janubiy Afrikaning demokratik yo’l bilan saylangan hukumati va kuchli demokratik institutlarini rejim deb atamaydi. Biz Janubiy Afrika demokratiyasiga qarshi ekanimiz haqidagi da'volar esa bu mamlakat bilan faxrlanishga loyiq davomli munosabatlarimizga soya solmoqda”, - dedi Harvi.

Elchixona rasmiysi, shuningdek, AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi 1960-yillarda Janubiy Afrikada faoliyat yuritgani haqida ma’lumotga ega emasligini aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG