Xalqaro xulosa: Shimoliy Koreya Janubiy Koreya kemasini cho'ktirgan

  • Amerika Ovozi

Xalqaro xulosa: Shimoliy Koreya Janubiy Koreya kemasini cho'ktirgan

Xalqaro xulosa: Shimoliy Koreya Janubiy Koreya kemasini cho'ktirgan

Janubiy Koreya qo’shnisi Shimoliy Koreyani unga qarashli kemaga hujum qilib, suvga g’arq qilganlikda ayblar ekan, aloqalar g’oyat tarang.

Janubiy Koreya prezidenti Li Myun Bak 26 mart kuni ro’y bergan bu voqeani “harbiy provokatsiya” deb ta’riflamoqda. Qo’shma Shtatlar kommunistik davlatni agressiv harakatda ayblab tanqid qilsa-da, mojaro urushga aylanmasligi kerak, demoqda.

Xalqaro miqyosda o’tkazilgan tergov xulosasiga ko’ra, mart oxirida Shimoliy Koreya tomoni qo’shnisiga qarashli “Cheonan” kemasiga torpedo otib, uni cho’ktirgan. 46 dengizchi halok bo’lgan.

Biroq Pxenyan bu ayblov “g’irt uydirma”, asossiz tanqid va hujumlarga harbiy kuch bilan javob beramiz, demoqda. Janubiy Koreya bilan har qanday aloqani uzib, avval tuzilgan sulhni buzishi haqida ogohlantirmoqda. Qonli urushdan so’ng ikki davlat o’rtasida 1953 yilda imzolangan tinchlik bitimi hozircha amalda.

Qo’shma Shtatlar xalqaro tergov xulosalarini tan olmoqda. Oq Uy matbuot kotibi Robert Gibbs so’zlariga ko’ra, Vashington Janubiy Koreya, Osiyodagi boshqa davlatlar va BMT bilan muzokara qilib, Pxenyanga nisbatan qanday chora ko’rish haqida gaplashmoqda.

Kommunistik davlat o’tgan yili yadroviy va raketa sinovlaridan so’ng sanksiya bilan jazolangan edi. Pxenyan teskari hatti-harakati bilan xalqaro hamjamiyatdan uzoqlashib bormoqda, deydi Robert Gibbs.

Kecha Osiyo bo’ylab safarga chiqqan Davlat kotibasi Xillari Klinton Yaponiya, Xitoy va Janubiy Koreyada to’xtar ekan, Pxenyan masalasi kun tartibidagi dolzarb masala. Shimoliy Koreyaning provokatsion siyosati javobsiz qolmaydi, deydi u.

Janubiy Koreyada Qo’shma Shtatlarning 28 ming askari bor. Vaziyatni diqqat bilan kuzatayapmiz, biroq harbiy chora haqida gap yo’q, Koreya yarim orolida urush boshlash hech kimga kerakmas, deydi AQSh admirali Mayk Mullen. Mojaro yechimi haqida tugal qarorni Janubiy Koreya qabul qiladi, deydi rasmiylar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG