Janubiy Sudan Olimpiadada yo'q, bu davlat sportchilari esa bor

  • Amerika Ovozi

Janubiy sudanlik marafon yuguruvchisi Guor Marial London Olimpiadasida Olimpiya bayrog'i ostida qatnashmoqda.

Janubiy sudanlik marafon yuguruvchisi Guor Marial London Olimpiadasida Olimpiya bayrog'i ostida qatnashmoqda.

O’tgan yili Sudandan mustaqillikka erishgan Janubiy Sudan Xalqaro Olimpiya qo’mitasidan ro’yxatdan o’tishga ulgurmagani bois London Olimpiadasida terma jamoa sifatida qatnasha olmadi. Ammo janubiy sudanlik sportchilar nufuzli musobaqadan bebahra qolmadi. Ayrimlari boshqa jamoalar tarkibida bellashmoqda.

Janubiy Sudan sport vaziri kelasi Yozgi Olimpiya o’yinlarida alohida jamoa bo’lib ishtirok etamiz, demoqda.

Janubiy Sudan bayrog’i Olimpiada ochilishida ko’tarilmadi. Ammo Xalqaro Olimpiya qo’mitasi bu davlat sportchilarining boshqa milliy jamoalar sha’nini himoya etishiga qarshilik ko’rsatmadi. Marafonchi Guor Marialga Sudan jamoasi nomidan bellashish taklif etilganida, u rozi bo’lmadi.

“Bu davlat harbiylari oila a’zolarim va qarindoshlarimdan 28 nafarini o’ldirgan, meni ikki bor o’g’irlagan. Sudan jamoasiga qo’shilsam, vijdonim qiynalardi”, - deydi sportchi.

28 yoshli Guor Marial Sudanni 15 yoshida tark etib, qochqin sifatida AQShga borgan. Biroq bu davlat fuqarosi bo’lmagani uchun Amerika olimpiyachilari safidan joy ololmadi. Natijada xalqaro qo’mita unga Olimpiya bayrog’i ostida chiqishga ruxsat berdi.

Janubiy Sudan uzoq yillik fuqarolik urushidan so’ng Sudandan ajralib, o’tgan yili mustaqil davlat maqomini oldi.

Shundan so’ng, deydi yangi mamlakat Sport vaziri Chirino Xiteng Ofuxo, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Afrika Ittifoqi, FIFA va Afrika Futbol Federatsiyasi Janubiy Sudanni o’z safiga zudlik bilan qo’shdi.

Ammo Xalqaro Olimpiya qo’mitasi qabul qilishga ulgurmadi. Jarayon ikki yil vaqt oladi. Xalqaro qo’mitadan marhamat kutib, ayrim qoidalariga ko’z yumishadi deb o’ylagan edik, ammo bunday bo’lmadi, deydi rasmiy.

"Xafsalamiz pir bo’ldi, ammo nailoj, qo’mitaning o’ziga yarasha qoidalari bor ekan. Biroq FIFA va Afrika Futbol Federatsiyasi bizni ko’p qiynamadi", - deydi Ofuxo.

Shunga qaramay, deydi u, ayrim sportchilar musobaqa chetida qolib ketmadi. Marial, masalan, mustaqil ishtirokchi sifatida bellashmoqda.

"Marial haqiqiy vatanparvarga xos ish tutdi. Mendan so’rashganida unga “sen Janubiy Sudan fuqarosisan, amerikalik emas, sen bizning jamoa a’zosisan” dedim. Xalqaro Olimpiya qo’mitasi esa unga Sudan tarkibida ishtirok etishni taklif etib, katta xatoga yo’l qo’ydi", - deydi sport vaziri.

AQShning professional basketbolchilar ligasi NBA ning Chikago Bulz jamoasida to’p suruvchi Luol Deng London Olimpiadasida Britaniya termasiga qo’shildi. Yuguruvchi Lopez Lomong esa 2008-yil Pekin Olimpiadasining ochilish marosimida AQSh bayrog’ini ko’tarib o’tgan edi.

Lomong Sudandagi fuqarolik urushi natijasida uyi va oilasidan ajralgan 20 ming boladan biridir.

Sport vaziri Ofuxoning aytishicha, 2016-yil Olimpiya o’yinlarida Janubiy Sudan yaxshi natija ko’rsatishga harakat qiladi. Ayni damda qizg’in tayyorgarlik ketmoqda, deydi u.

"Ajoyib sportchilarimiz bor. Sportning futbol, basketbol, gandbol, voleybol, taekvondo turlari bo’yicha. Kurashchilarimiz ham yaxshi", - deydi vazir.

Janubiy Sudan London Olimpiadasida qatnashmayotgani bilan bu yurtdan chiqqan sportchilarni qo’llab-quvvatlovchilar Britaniyada yo’q emas.

Xelen Mulla Angliyaga 30 yil oldin ko’chib borgan. Marafonchi Marialga ishqibozlik qilaman, deydi u.

"Yakshanba kuni (12-avgust) unga omad kulib boqib, Olimpiya shohsupasiga ko’tariladi, deb umid qilaman. Olimpiya bayrog’i ostida qatnashayotgan bo’lsa ham Janubiy Sudan sha’ni uchun kurashayotgan yagona sportchimiz borligidan faxrlanaman", - deydi Mulla.

Sport vaziri Ofuxoning aytishicha, yakshanba kuni butun Janubiy Sudan Marialni qo’llab-quvvatlaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG