Ispaniya matbuoti: AQSh ispanlar telefon qo'ng'iroqlarini kuzatgan

  • Amerika Ovozi

Bugun AQShning Ispaniyadagi elchisi Jeyms Kostos Madridda Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilib, Amerikaning bu mamlakat fuqarolarini kuzatgani haqidagi matbuotdagi xabarlarni izohlashni so'ragan.

"El Mundo" va "El Pais" gazetalarining xabar qilishicha, AQSh Milliy xavfsizlik boshqarmasi 2012-yil dekabridan 2013-yil yanvarigacha bo'lgan bir oy davomida Ispaniyada 60 milliondan ziyod telefon qo'ng'iroqlariga doir ma'lumotlar to'plagan. Xususan, Qo'shma Shtatlar suhbat mazmuni emas, telefon raqamlari va qo'ng'iroqlarning davomiyligini qayd etgan.

Xabarlarga ko'ra, internet, elektron aloqa va ijtimoiy sahifalar orqali shaxsiy ma'lumotlar ham to'plangan.

AQShda chiqadigan “Uoll Strit Jornal” gazetasining bugun xabar qilishicha esa, prezident Barak Obama Amerika razvedkasi jahon rahbarlarining telefon qo’ng’iroqlarini kuzatayotganidan besh yil davomida bexabar bo’lgan.

AQSh Milliy xavfsizlik boshqarmasining sobiq xodimi, hozirda Rossiyada jon saqlayotgan Edvard Snouden bu dasturni yaqinda fosh qilgandan so’ng prezident Obama amaliyotni tergov qilishga buyurgan, deyiladi maqolada.

Taftish natijalaridan ma’lum bo’lishicha, boshqarma 35 davlat rahbarlarining telefon qo’ng’iroqlariga quloq tutgan. Oq uy bundan xabar topgach, dasturga barham berilgani aytiladi.

Nemis matbuotiga ko’ra esa, Obama Germaniya kansleri Angela Merkelning uyali aloqasi nazorat etilayotgani haqida 2010-yilda o’rgangan, ammo chora ko’rmagan.

Yevropa Ittifoqi va Germaniya amaliyotni qoralab, Vashingondan tushuntirish olish uchun rasmiylarini Amerikaga yubormoqda .

Germaniya ichki ishlar vaziri Gans-Piter Fridrixning aytishicha, so’nggi voqealar Berlinning Vashingtonga ishonchiga putur yetkazdi.

Agar amerikaliklar haqiqatan Germaniya rasmiylari telefon suhbatlarini kuzatgan bo’lsa, demak, ular Germaniya qonunini buzib, suverenitetiga zid ish qildi, dedi Fridrix.

AQSh Milliy xavfsizlik boshqarmasi terror xurujlarining oldini olish uchun telefon qo'ng'iroqlarini kuzatib borganini aytgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG