O'quvchilar ko'chma sinfxonada amaliy mashg'ulotlardan o'tmoqda

  • Amerika Ovozi

Bolalar ko'chma sinfxona oldida.

Bolalar ko'chma sinfxona oldida.

Tadqiqotning ko’rsatishicha, ko’rib, ushlab o’rganish bolaning mavhum g’oyalarni yaxshiroq uqishi va muvaffaqiyat qozonishiga sabab bo’ladi. Ammo maktablar byudjeti qisqarib, sinfxonalarda bunday sharoitlarni yo’lga qo’yish tobora imkonsiz holga aylanmoqda. Bir guruh talabalar buning chorasini topgandek. Ular mamlakat bo’ylab safar qilib, bolalarni ijodkorlikka o’rgatmoqda.
Vashingtonda bolalar o’z qo’llari bilan narsalar yasayotganidan xursand.

Ular Stenford Universiteti talabalari tashkil etgan “SparkTruck” dasturi bo’yicha amaliy mashg’ulotlarda qatnashmoqda. O’tgan yili yo’lga qo’yilgan ushbu ko’chma-sinfxona butun Amerika bo’ylab ikki oylik safarga chiqib, 3000 dan ortiq o’quvchi uchun to’garaklar tashkil etdi.

Hozir tashabbusga Kaliforniyaning yana boshqa uch kolleji qo’shildi. Bengi Kuroda ko’ngillilardan biri.

“Biz bolalarga dizayn va ijodkorlik bo’yicha darslar o’tyapmiz. Ularni ish qurollari va kerakli materiallar bilan ta’minlaymiz. Maktablarida bo’lmasa ham, biz orqali shunday imkoniyatga ega bo’lsin, deymiz”, - deydi Kuroda.

Bolalar, dastlab, g’oyalar ustida ishlashadi. Keyin o’zlari orzu qilgan narsalarning timsolini yaratishadi.

“Men bir ko’zli siklop yasadim. Yangi narsalar yasash, ular ustida o’ylash va elektr tokining qanday ishlashini organish juda maroqli”, - deydi o’quvchilardan biri Oven Vitmen.

“Juda mohir bo’lish sart emas, chunki hammamiz ham dizayner yoki muhandis emasmiz. Ammo biz o’quv dasturining mohiyatiga e’tibor beramiz. Bu ijodkorlik bilan o’ylash va xato qilishdan qo’rqmaslikdir”, - deydi dastur ishtirokchisi, Dizayn va san’at kolleji talabasi Bengi Kuroda.

Bolalar “LEGO” robotlarini yasamoqda. Ular so’nggi rusumdagi axborot texnologiyalari, masalan, lazer keskich va 3D printerlar bilan ham ishlaydi.

“Juda ajoyib. Men hatto narsalarning qanday tebranishini ham bilmasdim. Bu yerda bo’lish juda yoqimli, qurollar ham”, - deydi o’quvchilardan yana biri.

O’quvchilar tayyorlagan har bir dizayn tepaga osilgan yozuvlarda aks etgan.
Filis Kleyn Vashingtondagi to’garakka mezbonlik qilmoqda.

“Bu ishlar bolalarning tasavvurini kengaytiradi. Ularga imkoniyatlarni ochadi. Nimalar qilish mumkinligini ko’rsatadi”, - deydi Kleyn.

Bu dasturdan nafaqat bolalar, balki tashkilotchi talabalar ham foyda ko’rmoqda.

“Bolalar bilan ishlash bo’yicha ko’p narsa o’rgandim. Umidsiz bolalarning bu dastur orqali o’z maqsadiga erishganiga guvoh bo’ldim. Bu biz uchun ilhom manbai”, - deydi Stenford Universiteti talabasi Britani Hallavel.

“SparkTruck” dasturi, qisman, “Kickstarter” vebsayti tomonidan moliyalandi. Ushbu sayt yangicha tashabbus va loyihalar uchun mablag’ yig’ish bilan shug’ullanadi. Ikki oy safarda bo’lish oson emas, ammo ishtirokchilar bu loyihani kelajakda yana davom ettirish niyatida.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG