Maxsus Olimpiada: Aqlan zaif odamlar uchun noyob imkoniyat

  • Amerika Ovozi

Los-Anjelesda o’tayotgan Maxsus olimpiya o’yinlarida minglab sportchilar qatnashmoqda. Musobaqani kuzatayotgan xalqaro tashkilot yetakchilari, ayni paytda, aqlan zaif va imkoniyati cheklangan odamlarning jamiyatdan ajrab qolmasligi uchun chora-tadbirlarni kuchaytirishga chaqirmoqda.

Maxsus olimpiadada ishtirok etib, sportchilar o’zini dunyo hamjamiyatining bir qismi sifatida his etadi.

“Ko’p odamlar aqlan noyetuk insonlarni qabul qilishga qiynaladi, ularni ajratib qo’yadi. Bu esa juda qiyin”, - deydi botsvanalik sportchi Braytfild Shadi.

Loretta Kleyborn ham shunday fikrda.

“Rangimga qarab odamlar meni ajratishadimi? Ha, deyishim mumkin, lekin men shu paytgacha yuzlashadigan asosiy diskriminatsiya bu aqlan zaif bo’lganimdir. O’z uyimga egaman, bankka borsam, xizmatchi ayol menga qarab, sen buni eplolmaysan, deydi. Men esa, qo’limdan keladi, gaplarimga quloq sol va menga imkon ber, deb aytaman”, - deydi u.

Global tashkilotlar yetakchilari shu muammo muhokamasiga yig’ildi

“Bolalarni va nogiron odamlarni ajratib qo’yish bizga qimmatga tushadi. Agar biz ularni oramizga qabul qilishni boshlasak, nafaqat zaif insonlarning sog’lomroq yashashiga, balki iqtisodiyot o’sib, farovonlik kuchayishiga ham erishamiz”, - deydi UNICEF rahbari Antoni Leyk.

Maxsus olimpiada raisi Timoti Shriver unga qo’shiladi.

“Afrika Ittifoqi, global taraqqiyot banklari va biznes yetakchilari darajasida hamda sport yulduzlari, vazirlar ishtirokida sport va inklusiv bolalar tarbiyasini targ’ib qilishni umid qilamiz”, - deydi u.

Faollarga ko’ra, hukumat yordami bilan notog’ri qarashlarni o’zgartirish mumkin.

“Oilalarda va jamoalarda nodonlik, uyat va diskriminatsiyaga chek qo’yib, yordam va g’amx’orlikka e’tiborni oshirish kerak”, - deydi Qizil xoch va qizil yarimoy federatsiyasi bosh kotibi.

Maxsus olimpiada qatnashchilari tasavvurlarni o’zgartirishda muhim vazifani bajaradi.

“Bu odamlar sport orqali eng yaxshi jihatlarini ko’rsatib, shu yerda o’rganganlarini yurtlariga olib boradi hamda yanada yaxshiroq va kuchliroq shaxslarga aylanadi”, - deydi Kleyborn.

Natijada ular atrofdagilari hayotiga ham ijobiy ta’sir ko’rsata oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG