Xalqaro sportda noqonuniy qimorbozlik kuchaymoqda

  • Amerika Ovozi

Sport ustida garov boylash global miqyosda yoyilgan. Yaqinda e’lon qilingan yangi hisobotga ko’ra, bu jarayonga jinoiy uyushmalar ham aralashgan.
12-iyun kuni Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida dunyo futbol muxlislari to’rt yil orzqib kutgan voqea – futbol bo’yicha 2014-yilgi jahon chempionati boshlanadi. Unda o’nlab jamoalar chempion nomi aniqlanguncha bir oy keskin kurash olib boradi.

Muxlislar nafaqat sevimli jamoalarini qo’llab-quvvatlash, balki kim g’olib chiqishini garov evaziga taxmin qilish bilan ham shug’ullanadi. Qimorbozlik barcha sport turlariga yoyilgan.

Qatardagi Sport xavfsizligi bo’yicha xalqaro markaz e’lon qilgan hisobotda sportdagi qimor ko’lami o’rganilgan.

“Bugun sport olamidagi qonuniy, noqonuniy va shubhali garov boylashlar miqdori bir trillion dollarlik bozorni tashkil qiladi”, - deydi markaz rahbari Kris Iton.

Tahlilchilarning aytishicha, 2010-yilgi jahon chempionatining final o’yiniga bir milliard dollarlik garov boylangan.

Hisobotga ko’ra, sport qimori orqali jinoiy uyushmalar qo’lida har yil 140 milliard dollar noqonuniy pul aylanadi. 30 foizi hozir internet orqali amalga oshirilmoqda.

Mazkur noqonuniy faoliyatning 53 foizi Osiyo hissasiga to’g’ri keladi. Qizig’i, nolegal bukmekerlik va qonuniy garov o’ynash kompaniyalari bir-biriga bog’liq, deydi Salford universiteti tahlilchisi Deyvid Forest.

“Kichik guruhlar o’z ulushlarini olib, uni zanjir bo’ylab yuqoriga uzatadi. Yuqorida qonuniy garovchilar turadi. Dunyoning eng katta beshta bukmekeri Filippinda ro’yxatdan o’tgan”, - deydi u.

Noqonuniy qimorbozlar yutqazish xavfini kamaytirish uchun “Uol Strit” amaliyotidan foydalanadi. Ya’ni ular fond birjalarida dallollar har qanday holatda ham g’olib chiqish uchun ma’lum bir hissaning o’sishi va kamayishi bo’yicha garov bog’laganidek ish tutishadi, deydi Janubiy Florida universiteti tahlilchisi Richard Borgesi.

“Noqonuniy bukmekerlar o’z ulushlarini yig’ib olgach, agar ular pul tikkan tomon yutqazayotgan bo’lsa, zararni qoplash uchun qarshi tarafga ham qonuniy bozor orqali pul tikishadi”, - deydi Borgesi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, xuddi moliyaviy bozorlar tartibga solinganidek, sportdagi oldi-berdi ham nazorat qilinishi kerak.

Har bir sport o’yinida g’olib va mag’lub taraf bo’ladi. Natija qanday bo’lishidan qat’i nazar, o’yinlarga juda katta pul tikiladi va u kimningdir cho’ntagiga kiradi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG