Obama ma'muriyati Senatga: START qachon tasdiqlanadi?

  • Amerika Ovozi

Obama ma’muriyati a’zolari Senatdan Rossiya bilan imzolangan yangi strategik shartnomani tasdiqlashni so’ramoqda.

START, har ikki davlatga yadroviy arsenal hajmini kamaytirish majburiyatini qo’yadigan bu hujjat, deydi rasmiylar, global tinchlik uchun juda muhim. Lekin Amerika qonunchilari uni ratifikatsiya qilishga shoshmayapti.

Bitimga qarshi chiqayotganlar asosan respublikachilar va ular nazarida prezident Barak Obama, Rossiya rahbari Dmitriy Medvedev bilan apoq-chapoq bo’lib, bu davlatga bo’yin egmoqda.

Davlat xavfsizligini hamma narsadan ustun ko’radigan respublikachilar fikricha, AQSh atom qurollarini kamaytirmasligi kerak.

Tashqi ishlar vazirasi, Davlat kotibasi, Xillari Klinton Senatning Tashqi aloqalar bo’yicha qo’mitasiga hisobot berar ekan, bitimni ma’qullamaslik aynan xavfsizlik nuqtai nazaridan katta xato bo’ladi dedi.

“Oldingizda ikki yo’l turibdi”, - deydi Klinton senatorlarga murojaat qilar ekan. “Biri bu hujjatni tasdiqlash, ikkinchisi esa Rossiya bilan yadroviy arsenal bobida hech qanday hamkorlik qilmaslik. Bu degani biz bu yirik davlat qo’lida nima borligini aniq bilmay yashaymiz. Bu davlat biz bilan atom qurollari haqida hisoblashmaydi. Biz o’z bilganimizni qilamiz, ular ham o’z bilganicha yo’l tutadi",- deya ogohlantirdi Davlat kotibasi.

Xo’sh, deya so’raydi u, nega AQSh va Rossiya, dunyoda bu jihatdan eng kuchli ikki davlat, bir-biri bilan ishlamasligi kerak? Jahondagi atom qurolllarining 90 foiziga shu mamlakatlar egalik qiladi.

AQSh bosh harbiysi, qo'shma shtab rahbari, admiral Mayk Myullen ham Senatni bu bitimga jiddiy qarashga undamoqda.

“Yangi START shartnomasi uch maqsad yo’lida xizmat qiladi. Birinchidan, u Amerika yadroviy salohiyatini jipslaydi, ya’ni omborlarimizni keraksiz narsalardan tozalaymiz. Ikkichidan, Rossiya bilan aloqalarimiz oshkora kechishini ta’minlaydi. Uchinchidan esa biz dunyo ahliga mas’uliyatli davlat ekanimizni ko’rsatamiz. Atom arsenalimiz haqida xalqaro hamjamiyat aniq tasavvurga ega bo’ladi. Yadroviy ashyolar tarqalmasligining oldini olamiz”.

Rossiya, agar AQSh Yevropada barpo etayotgan yangi mudofaa tizimlari unga yoqmasa, STARTdan chiqishi mumkinligini bildirgan edi.

Senat a’zolari “Nega biz bu azaliy dushman va raqib davlatga ishonayapmiz”? degan savolni o’rtaga tashlamoqda.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts javob berar ekan, “Rossiya do’q qilishi mumkin, ammo bizning nimaga qodir ekanimizni tushunadi”, deydi.

“Ular bizning yangi mudofaa tizimlarimizga qarshi har xil bayonotlar bilan chiqishi mumkin, lekin Rossiya bizga yeta olmaydi. Ular shuni anglagani uchun ham siyosiy bosim o’tkazishga urinmoqda. Yevropadagi tizimlari ularga tahdid solmaydi. Rossiya buni biladi”,- deya ishonch bildirmoqda Robert Geyts.

Yangi STARTning bu sistemalarga aloqasi yo’q deya eslatilmoqda.

Senatorlarning yana bir qarshiligi shundaki, bitim qisqa masofani nishonga oladigan taktik qurollarni nazarga olmaydi. Pentagon esa Rossiya bilan bu borada alohida shartnoma imzosh niyatida ekanini ayon qilmoqda.

Senatda ko'pchilikni tashkil etuvchi demokratlar bitim albatta tasdiqlanadi deydi.

Rossiya Dumasi ham uni ratifikatsiya qilishi kerak. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bugun bu masala yuzasidan deputatlar oldida gapirgan. U ham qonunchilarni bitimni tezroq ma’qullashga undamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG