AQSh diplomatlari Markaziy Osiyoga safar qilib, "rahmat" aytmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh rasmiylari bilan muloqot, Dushanbe, 24-aprel, 2015

AQSh rasmiylari bilan muloqot, Dushanbe, 24-aprel, 2015

Qo'shma Shtatlar Markaziy Osiyoning har bir davlatidan Afg'oniston bobida bergan yordami va qilgan hamkorligi uchun minnatdor. Davlat departamenti, Mudofaa vazirligi va razvedka idoralari vakillari mintaqadagi besh respublikaga tashrif buyurib, Obama ma'muriyati nomidan rahmat aytmoqda. Delegatsiyadagi yuqori lavozimli rasmiylar_ Davlat departamentida Markaziy Osiyo bilan aloqalarga mas'ul Daniel Rosenblum, Afg'oniston bo'yicha maxsus vakil muovini Loren Miller va Pentagonda mintaqa uchun mutassadilardan biri Kristin Abizaid.

20-aprel kuni Ashgabat, 21-aprel kuni Ostona, 22-aprel kuni Toshkent, 23-aprel kuni Bishkek va 24-aprel kuni Dushanbe shahrda muloqotlar kechgan. Har bir poytaxtda AQSh rasmiylari davlatlarning tashqi ishlari bilan uchrashgan.

Obama ma'muriyatining maqsadi - AQSh dunyoning bu qismiga nisbatan e'tiborni pasaytirmaydi, Afg'onistonga bergan va'dalarining ustidan chiqadi va butun mintaqa bilan yaqindan ishlashni xohlaydi, deya ishontirish.

Muzokaralarda Afg'onistondagi bugungi vaziyat, davlatlarning xavotir va munosabatlari hamda mintaqaviy masalalar muhokama qilindi.

Amerika nazarida Afg'oniston bugun ancha oyoqqa turib olgan. Yangi hukumat, deydi rasmiylar, to'g'ri yo'ldan bormoqda, ya'ni asosiy e'tiborni tinchlikni ta'minlash, taraqqiyot va milliy birdamlikka qaratmoqda.

NATO, Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi, AQSh boshchiligida afg'on qurolli kuchlarini treningdan o'tkazish, malakasini oshirish, davlat va fuqarolarni himoya qilishga o'rgatish bilan band. Amerika iqtisodiy va ijtimoiy ko'makni ham davom ettirmoqda.

Vashington Markaziy Osiyo davlatlari ham qo'shni mamlakatni har tomonlama quvvatlashda davom etadi degan umidda. Obama ma'muriyati O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmanistonni Afg'oniston bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, unga ta'lim sohasida ko'maklashish, infrastruktura barpo etishda va energetika ta'minotida yordamlashishga undab kelmoqda.

Mintaqa hukumatlari Afg'onistonga turli jabhalarda madad ko'rsatayotganini ta'kidlab, u yerdagi umumiy vaziyatdan xavotir bildirgan.

O'zbekiston ta'biricha, masalan, AQSh bu notinch mamlakatdan qo'shinni olib chiqish ketishga shoshmasligi kerak edi. Hozirda u yerda Amerika 10 ming harbiyga ega.

Afg'oniston bilan chegaradosh yana bir davlat - Tojikiston Afg'oniston tinchligi uning tinchligi ekaniga urg'u berib, qo'shni mamlakat rivoji va xalqaro loyihalarda hissa qo'shishda davom etishini bildirgan.

Qozog'iston va Qirg'iziston ham bu borada faol hamkorlikka shay. Afg'oniston bilan eng uzoq chegaraga ega Turkmaniston pozitsiyasi aniq emas. Respublika Tashqi ishlar vazirligi AQSh bilan muloqot ketidan bergan bayonotida Afg'oniston bo'yicha hamkorlik tilga olinmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG