Obama: Amerika dunyodagi eng qudratli davlat bo'lib qoladi


Prezident Barak Obama Kongress huzurida, Vashington, 24-yanvar, 2012

Prezident Barak Obama Kongress huzurida, Vashington, 24-yanvar, 2012

Amerika rahbari Kongress huzurida bo’lib, mamlakatning bugungi ahvoli haqida hisobot berdi.

Yil oxiriga borib, aniqrog’i 6-noyabrda prezident saylovlari. Barak Obama qayta saylanish umidida ekan, qonunchilar va shu tariqa xalqqa murojaatini yutuq va maqsadlarga bag'ishladi.

Senat va Vakillar Palatasi oldida yillik hisobot

Senat va Vakillar Palatasi oldida yillik hisobot

O’tgan yilning oxirida Amerika Iroqdan qo’shinlarini butunlay olib chiqdi. To’qqiz yillik urushda bir milliondan oshiq askar xizmat qildi va minglab amerikaliklar jang maydonidan tobutda qaytdi.

“Qahramon yurtdoshlarimiz jonini fido qilib, Amerikani himoya qildi. Bugun dunyo bizni ko’proq hurmat qiladi… O’tgan 20 yilda ilk marta shuni faxr bilan ayta olamizki, bugun Osama bin Laden davlatimizga tahdid solayotgani yo’q. Al-Qoida qo’mondonlari yer tishladi. Tolibonni qaqshatdik. Afg’onistondan qo’shinlarimiz asta chiqa boshladi”, - deya nutqini boshladi Amerika prezidenti.

Obama o’z murojaatida tashqi siyosatga ko’p to’xtalmadi, lekin “arab bahori” ga alohida urg’u berdi.

Obama "arab bahori" haqida gapirdi

Obama "arab bahori" haqida gapirdi

“Iroq va Afg’onistondagi urushlar poyoniga yetar ekan, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika ulkan o’zgarishlarga yuz tutmoqda. Tunisdan Qohiragacha, Sanodan Tripoligacha. Bir yil oldin Muammar Qaddafiy eng uzoq yillik diktatorlardan biri edi. Amerikaliklarning qonini to’kkan qotil edi. Bugun u yo’q. Suriyada Bashar al-Assad va uning hokimiyati o’zgarishga to’siq bo’la olmasligini anglab yetadi, bunga ishonchim komil. Xalqni o’z huquqlaridan ayira olmaysiz”.

Arab dunyosidagi o’zgarishlar qay tomon yetaklaydi, bu hozircha mavhum, deya tan oladi Obama. Shunisi aniqki, deydi u, uning oqibatlari Amerikaga ta’sir qilmay qolmaydi.

“Mintaqa xalqlari kelajagini o’zi hal etishi kerak, lekin biz Amerika qadriyatlarini targ’ib qilishda davom etamiz. Zo’ravonlik va tazyiqqa chidab turmaymiz. Har bir inson, ayol yoki erkak; nasroniy, musulmon yoki yahudiy, hammaning erkinligini himoya qilamiz. Demokratiya va erkin iqtisod tarafdori ekanmiz, shunga intilgan jamiyatlarni quvvatlaymiz. Chunki zulm - erkinlik dushmani”.

Yadroviy dasturini davom ettirayotgan Eron, deydi Obama, bugun yanada yakkalangan va sanksiyalar sirtmog'idan azobda.

Amerika Eronning yadroviy qurolga ega bo'lishiga yo'l qo'ymaydi, deydi Obama

Amerika Eronning yadroviy qurolga ega bo'lishiga yo'l qo'ymaydi, deydi Obama

“Shuni bilingki, Amerika Eronning yadroviy qurolga ega bo’lishiga yo’l qo’ymaydi. Buning uchun oldimizdagi barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyormiz. Masalani tinch yo’l bilan hal etish mumkin. Eron ahdidan qaytib, xalqaro majburiyatlariga bosh egsa, dunyo hamjamiyatga qayta qo’shilib, manfaat ko’rishi mumkin”.

“Amerika qulay boshladi, uning qudrati pasaymoqda deganlarga ishonmang. Ular nima deyayotganini bilmaydi. Dunyo rahbarlaridan so’rang, ular sizga haqiqatni aytadi. Ular biz bilan hamkorlikka shay. Tokiodan Berlingacha, Keyp-Taundan Rio-de-Janeyrogacha… To’g’ri, biz jahondagi har bir voqeani nazorat qila olmaymiz. Lekin Amerika dunyo siyosatida eng asosiy rol o’ynovchi davlat. Prezident ekanman, men bu qudratimizni saqlab qolaman”.

Obama nutqini ingliz tiiida tomosha qiling:

Barak Obama Amerika orzusi haqida bong urib, rahbarlikka saylangan edi. Partiyabozlikni bas qilib, ikki hukmron kuch, Demokrat va Respublikachilar partiyasi bir yoqadan bosh chiqarib, azaliy muammolarni hal eta oladi, deya ishonch bildirgan edi.

Kapitoliy, AQSh qonunchilik organi Kongress joylashgan imorat

Kapitoliy, AQSh qonunchilik organi Kongress joylashgan imorat

Oradan uch yil o’tib, Oq Uy va Kongress orasida munosabatlar bag’oyat tarang. Prezident va muxolifat bir-birini o’zboshimchalikda, samarasizlikda ayblaydi.

Kongressga murojaatida Obama mana shu taranglikni yumshatishga urindi:

“Amerika ko’p narsaga qodir… Ta’lim bobida dunyoda yetakchilik qilishi mumkin. Ilg’or texnologiya sohasiga yangi avlodni jalb etib, yuqori maoshli ishlar yaratishimiz mumkin. Kelajakda energetik mustaqillikka erishaylik, toki xavfsizligimiz dunyoning beqaror nuqtalariga tobe bo’lmasin. Iqtisodiyotimiz shunday bo’lsinki, mehnat qilgan odam rohatini ko’rsin, mas’uliyat muvaffaqiyat kaliti bo’lsin”.

Demokrat va respublikachilar davlat byudjeti, sog’liqni saqlash sohasi islohoti, immigratsiya, ekologiya muhofazasi va ichki xavfsizlik yuzasidan kelisha olmayotgan ekan, prezident siyosiy birdamlikka chaqirdi.

Obama: Amerika dunyodagi eng qudratli davlat bo'lib qoladi

Obama: Amerika dunyodagi eng qudratli davlat bo'lib qoladi

“Amerika orzular ushaladigan diyor bo’lib qolishi kerak. Har bir qarorimizni mana shu qadriyatdan kelib chiqqan holda qilishimiz zarur... Biz yo juda kichik bir doira rohatda yashaydigan jamiyatga aylanamiz yoki iqtisodiyotimizni butun xalq manfaati uchun moslaymiz. Ya’ni mehnat qilgan, harakatda bo’lgan har bir shaxs maqsadiga yeta olsin, hamma uchun bir shart, bir qoida. Gap demokratlar yoki respublikachilar foydasi emas, butun Amerika xalqi manfaati va qadriyatlari ustida ketmoqda”.

Respublikachilar nazarida prezident Obama va uning partiyasi xususiy sektor ustidan nazoratni kuchaytirib, kapitalizmni yemirishga harakat qilmoqda.

Demokratlar, shu jumladan prezident bu iddaolarni qa’tiyan rad etadi. Xususiy sektordagi mas’uliyatsizlik, ziqnalik, tavakkalchilik va o’zboshimchalik Amerikani inqirozga yetakladi; moliya va kredit sektorini tebratuvchi kompaniyalar xalq oldida javobgar, deydi Obama.

“Prezident ekanman, men mana shu yerda o’tirgan har bir qonunchi bilan ishlashga tayyorman. Mamlakatni oldinga siljishdan ushlab turgan barcha illatlar, bizni iqtisodiy inqirozga yetaklagan siyosatga qarshi jon-jahdim bilan kurashaman”.

Obama deydiki, Amerikada ishlab chiqarishni kengaytirish – ustuvor vazifa. Yangi sohalar yaratish kerak, zavod va fabrikalarning arzon ish kuchi izlab chet elga ketmasligini ta’minlash lozim, deydi prezident.

Prezident nutqini 50 millionga yaqin amerikalik tomosha qildi

Prezident nutqini 50 millionga yaqin amerikalik tomosha qildi

“Xorijga ketayotgan bizneslarni jazolashimiz, yurtimizda faoliyat yuritishga bel bog’laganlarini quvvatlashimiz lozim”, - deydi Obama.

“Amerika mahsulotlarini sotish uchun dunyoning istagan burchagiga borib muzokara qilaman. Amerika ishchilari va sanoatlarini hammadan ustun qo’yishimiz shart… Ishsizlikni yengish – oliy maqsadimiz. Yurtdoshlarimiz yangi kasb-hunarlar o’rganishga, malaka oshirib, tobora yangilanib borayotgan sohalarda ishlashga shay turishi kerak. Zamon shuni talab qilmoqda”.

Mitch Daniels, respublikachi, Indiana shtati gubernatori

Mitch Daniels, respublikachi, Indiana shtati gubernatori

“Bir narsani yodda tuting: millionlab amerikaliklar qora terga botib, qonun va qoidalarga bosh egib, mehnat qiladi. Hukumat va moliyaviy tizim ularning talablariga javob berishi shart”,- deydi Obama.

AQSh avtomobil sanoati 2008-yilda bankrotga uchraganida, hukumat milliardlab dollar yordam puli ajratib, bu sohani saqlab qoldi. Bugun bu sanoat tamoman inqirozdan chiqqan, minglab ishchilarini qayta yolladi va milliardlab dollar daromad qilmoqda. “General Motors” 2011-yilda dunyoda eng ko’p mahsulot sotgan avtomobilsozlik kompaniyasi deya tan olindi. Prezident fikricha, boshqa sohalar ham shunday qayta oyoqqa turishi mumkin.

Prezident nutqiga respublikachilar nomidan munosabat bildirgan Mitch Daniels, Indiana shtati gubernatori, Oq Uyni asossiz tanqidda aybladi:

“Prezidentning Kongressdagi respublikachilarga lan’at toshlari otishi adolatdan emas. Ular (Vakillar Palatasida ko’pchilik) davlat qarzini pasaytirish, islohotlar, yangi ish o’rinlari yaratish yo’lida qator qonun loyihalarini ma’qulladi, lekin prezident va uning Senatdagi demokrat safdoshlari bu hujjatlarni yo’qqa chiqardi".

Kongressdan suratlar:

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG