Zamon o’zgarmoqda: Ona ishda, ota uyda bolalar bilan

  • Amerika Ovozi

Amerikada uyda o’tirib, farzandlariga qaraydigan otalar ko’payib bormoqda. So’nggi ommaviy so’rovlar natijasiga qaraganda, rafiqasini ishga yuborib, o’zi bola katta qilayotgan otalar ikki soni milliondan oshiq hozir.

Ovqat qilish. Bola bilan o’ynash, ovuntirish. Jonatan Xeyzi-Grovning kun bo’yi qiladigan ishi shu.

Bu oila Virjiniya shtatining Aleksandriya shahrida yashaydi. Xotin har kuni ishda. Olti yoshli Igan va bir-yarim yoshli Zeynga qarash Jonatanning zimmasida.

“Har kuni ertalab hammamiz mashinaga o’tirib, poyezd bekatiga boramiz. Onasi birma-bir xayrlashadi va ishga ketadi. Biz esa uyga qaytamiz”, - deydi u.

Ikki yil ilgari Jonatan kompyuter dizayni bo’yicha ishidan ayrildi, shundan beri bola tarbiyasi bilan band. Bir tomondan, deydi u, shunday bo’lgani ham yaxshi.

“Asablarim buzilib ofisda ishlagandan ko’ra, uyda bolalarimni tarbiyalayman. Ko’zim oldida katta bo’lishadi”.

1989-yil bilan qiyoslaganda, AQShda bolasiga qarayotgan otalar soni ikki baravar oshgan. Hozir ikki milliondan ziyod.

Bu borada izlanish o’tkazgan Pyu tadqiqot markazidan Gretchen Livingston o’zgarishlarni shunday izohlaydi:

“Oxirgi 25 yilda bu jamiyatda qarashlar ancha o’zgardi. Bolani parvarishlash vazifasini ko’proq otalar, ishlab pul topishni ko’proq onalar o’z bo’yniga olmoqda. O’tgan 10 yilda farzand tarbiyasi bilan mashg’ul otalar ko’payib ketdi”.

Erkaklar uyda o’tirishining asosiy sabablari xastalik yoki ish topa olmaslik ekan. Ayrim otalar esa aynan bola tarbiyasi bilan shug’ullanishni afzal ko’radi. Jonatan fikricha, zamon ham o’zgarib bormoqda.

“Amerikadagi turmush, madaniyatning o’zgarishi sifatida qarash kerak bunga. Otalar uyda bolaga qarashi, onalar ro’zg’orni tebratishi endi normal holat. Hozir ikki ayoldan yoki ikki erkakdan iborat farzandli oilalar ham ko’p”, - deydi ota.

Shu tariqa, Amerikada an’anaviy oila degan tushuncha bugun o’zgacha ma’no kasb etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG