Breaking News

AQSh Mudofaa vazirligi yangi strategiyasini e'lon qildi


AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts
AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts

AQSh Mudofaa vazirligi so'nggi olti yilda ilk yangi strategiyasini e'lon qildi. Unga ko'ra, Qo'shma Shtatlar harbiy sohada Osiyoga diqqatni kuchaytirishi lozim, chunki bu qit'ada joylashgan ayrim davlatlarning iqtisodiy va harbiy salohiyati oshmoqda va shunga qarab strategik muhit ham o'zgarmoqda.

Xavfsizlik muhiti tez o'zgarayotgan hozirgi beqaror dunyoda Qo'shma Shtatlar hushyor bo'lishi, siyosatini ana shu muhitga moslashtirishi lozim, deyiladi yangi strategiyada. Bu ittifoqdosh davlatlar bilan ham siyosiy, ham harbiy sohada hamkorlikni taqozo etadi.

Hujjat 21 sahifadan iborat bo'lib, unda Amerika xavfsizligini ta'minlashda AQSh armiyasi, harbiy-dengiz va harbiy-havo kuchlari hamda dengiz piyoda korpusi vazifalari aks etgan.

"Tahdid ehtimoli qayerda bo'lsa, o'sha yerda harbiy kuchni namoyish etish kerak", - deydi AQSh kontr-admirali, Mudofaa vazirligining Strategiya va siyosat bo'limi vakili Jon Roberti.

Uning aytishicha, yangi strategiyada Osiyoga katta urg'u beriladi, chunki qit'ada qudrati oshib borayotgan davlatlar soni o'smoqda, mintaqa katta siyosiy o'zgarishlarga yuz tutmoqda.

"Qit'adagi mudofaa salohiyatimizga e'tibor qaratishimiz lozim. Qit'a davlatlari, ittifoqdoshlarimiz bilan munosabatlarni qayta ko'rib chiqishimiz zarur. Gap qo'shinlar sonida emas, balki salohiyatimizda", - deydi kontr-admiral.

Qudrati oshib borayotgan davlatlardan biri Xitoy. Strategiyaga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Xitoyning global savdo yo'nalishlari va AQShning qit'ada harakatlanish salohiyatiga to'siq qo'yish imkoniyatlarini cheklashga tayyor turishi kerak.

Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi joylashgan kompleks, Virjiniya shtati
Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi joylashgan kompleks, Virjiniya shtati

Ommaviy qirg'in qurollari tarqalishi, globalizatsiya, tabiiy ofatlar, iqlim o'zgarishi, kiberjinoyatlar, resurslar taqchilligi, turli kasalliklar epidemiyasi, savdo munozaralari va zo'ravon ekstremistik guruhlar global strategik muhitda tashvishga molik omillar va bularning barchasi Osiyoga taalluqli, deydi Jon Roberti.

"Har bir tahdidga qarshi o'ziga yarasha chora ko'rish va o'zgacha reja tuzish kerak", - deydi u.

Yangi yo'riqnomada aytilishicha, barqarorlik va xavfsizlikka tahdid soluvchi muammolarni bartaraf etishda Pentagon turli vazirliklar, xorijiy hamkorlar va nodavlat tashkilotlar o'rtasida hamkorlikni yo'lga sola bilishi kerak.

Afrika va Janubiy Amerikada xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlashda mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlik zarurati ham Pentagon hujjatidan o'rin olgan. Strategiya Tunis va Misrdagi notinchliklardan oldin ishlangan bo'lsa-da, unda Yaqin Sharqda beqarorlik ehtimolini olish haqida ham so'z boradi. Mintaqada avtoritar tuzumlarning mavjudligi hamda iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va madaniy omillar beqarorlikka yetaklovchi faktor bo'lishi mumkin, deyiladi strategiyada.

AQSh Mudofaa vazirligi ushbu hujjatda Iroq va Afg'onistondagi urushlar doirasidan tashqaridagi faoliyatini belgilab olmoqchi. Strategiyadan kelajakda rejalash ishlarida qo'llanma sifatida hamda Kongressdan yangi qurollar uchun mablag' so'rashda asos sifatida foydalaniladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG