Ukrainada ko'ngilli jangchilar mashq markazidan reportaj


Ayirmachilar saylovlar ortidan Ukraina sharqida yana janglarga qaytdi. Xalqaro jamoatchilik tan olmagan bu saylovlarning g'olibi sifatida ko'rilayotgan Aleksandr Zaxarchenko armiya nazoratida qolayotgan hududlarni tortib olmoqchi. Kiyev ham harbiy tayyorgarlikni kuchaytirayapti.

Ukraina armiyasi 3-noyabr kuni qilingan hujum ortidan to'rt isyonchi o'lgani, aksariyati Rossiya fuqarolari bo'lganini aytmoqda.

Kiyev saylovlarni soxta deya, vaziyat jiddiy keskinlashishiga hozirlik ko'rmoqda. Ayirmachilar bilan janglarda faol bo'lgan ko'ngilli batalyonlar harbiy tayorgarlikka zo'r berishgan.

Ko'ngillilarni ayirmachilar bilan janglarga tayyorlash maqsadida ochilgan "Aydar" markazi Karpati viloyatining tog'li hududida joylashgan. Jurnalistlarga markazdagi niqobsiz jangchilarni suratga olish taqiqlangan, suhbatdoshlar faqat laqabini aytadi.

Harbiy mashg'ulotlarga rahbarlik qilayotgan “Skif” ko'ngillilar jangovar vazifani imkon qadar qurbonsiz bajarishni o'rganadi, deydi. Maxsus amaliyotlar o'tkazishga ixtisoslashgan markaz bu, deydi u.

“Markaz “Aydar” va Mudofaa vazirligining hamkorlikdagi loyihasi. Jangchilar bu yerda asosan razvedka bo'yicha malaka oshiradi. “Aydar” hujumga ixtisoslashgan batalyon. Ko'ngillarning hammasi ixtiyoriy vatanparvarlar, ular hozirdanoq jangga kiraman deydi, lekin bu xohishdan qat'i nazar, ular avval harbiy imtihondan o'tishga majbur”, - deydi u.

“Skif”ning aytishicha, mashg'ulotlarda dunyodagi qator harbiy maktablar tajribasiga tayanilmoqda, biroq markazning o'zida xorijlik instruktorlar yo'q.

“Biz faqat NATO yoki Rossiya harbiy standartlariga tayanib ishlamaymiz. Ukrainaning yangi armiyasi shakllanishiga asos yaratmoqdamiz. Ishoning, bu armiya NATO yoki Rossiyanikidan kam emas. Biz o'z vaqtida mutlaqo parchalab tashlangan armiyamizni qayta tiklamoqchimiz”, - deydi “Skif”.

Ko'ngillilar soni ham, millati ham, fuqaroligi ham aytilmayapti. Ammo internatsional batalyon sifatida tanilgan “Aydar” safida turli millat vakillari borligi ma'lum.

“Maxsus jangovar tayyorgarlikni tugatganlar bor. Ular qo'yilgan vazifani bajarishga, jangga kirishga tayyor turishibdi”, - deydi suhbatdosh.

Ukrainada ayirmachilar bilan janglarda ko'ngilli batalyonlarning roli katta. Bir qismi Ichki ishlar vazirligiga, bir qismi Mudofaa vazirligiga qaraydi va boshqalari janglarda mutlaqo mustaqil ravishda qatnashadi. Ayirmachilar bilan kechgan janglarda Ukraina tomonidan berilgan qurbonlarning ko'pi ko'ngillilar hissasiga to'g'ri keladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG