Referendum natijasida dunyo xaritasida yangi davlat paydo bo’lishi mumkin


Referendum natijasida dunyo xaritasida yangi davlat paydo bo’lishi mumkin

Referendum natijasida dunyo xaritasida yangi davlat paydo bo’lishi mumkin

Afrikaning eng yirik davlati – Sudan ikkiga bo’linib, dunyo xaritasida yangi mamlakat paydo bo’lishi mumkin.

Janubiy Sudan shimoldan ajralib chiqish uchun referendumda ovoz bermoqda. Saylov 2005 yilda fuqaro urushiga yakun yasagan bitim shartlaridan biri edi.

BMT Qochqinlar agentligiga ko’ra, har kuni o’rtacha ikki ming kishi saylovda qatnashish uchun shimoldan janubga yo’l olmoqda. Referendum bir hafta davom etadi, 4 million saylovchi ro’yxatdan o’tgan.

Janubiy Sudan poytaxti Juba shahrida saylovoldi tantanalar. Aksar janubliklar mustaqillik uchun ovoz beramiz, deydi.

Janubiy Sudan poytaxti Juba shahrida saylovoldi tantanalar. Aksar janubliklar mustaqillik uchun ovoz beramiz, deydi.

Shimol aholisi asosan musulmonlar, janubda esa turli dinlarga e’tiqod qiluvchi etnik guruhlar yashaydi. Qashshoqlik, diniy va etnik tafovutlar sabab mintaqa o’nlab yildan buyon urush va zo’ravonlik girdobida.

Referendum muvaffaqiyatli o’tishiga ishonch baland. Raqib guruhlar saylov oldidan sulhga kelishib olgan. AQSh Sudan prezidenti Umar al-Bashirning janub poytaxti Jubada bo’lib, murosasozlik ohangida qilgan bayonotlarini olqishlamoqda.

“Agar saylovchilar mustaqillik uchun ovoz bersa, ularning bu xohish-istagini hurmat qilamiz”, - deydi al-Bashir.

Shu bilan birga, al-Bashirning qayd etishicha, janub ma’muriyati o’zini o’zi idora etishga va aholi ehtiyojlarini qondirishga qodir emas. Ikki fuqarolikka ham ruxsat berilmaydi.

Xavotir shundaki, Sudan janubidagi neftga boy ayrim hududlar kimning nazoratida qolishi noma’lum. Ayrim tahlilchilar nazarida referendum natijasi qanday bo’lishidan qat’iy nazar mojarolar yana alanga olishi turgan gap.

Umar al-Bashir, Sudan prezidenti

Umar al-Bashir, Sudan prezidenti

Xorijiy davlatlar, jumladan Qo’shma Shtatlar Sudanga kuzatuvchilarni yuborgan. Faqatgina janub aholisi saylovda qatnashish huquqiga ega. Ular mustaqillik uchun ovoz bersa, yangi davlat shu yilning yozida shakllana boshlaydi.

AQSh Davlat kotibining Afrika masalalari bo’yicha muovini Joni Karson ovoz berish jarayoni tinch va adolatli o’tishiga ishonamiz, deydi.

“Saylovchilar xohishi-irodasi shimoldan ajralib chiqish bo’lsa, AQSh bo’lajak davlat va uning hukumati oyoqqa turishi uchun yordamni ayamaydi”.

Aytish joiz, Obama ma’muriyati Sudan rahbari Umar al-Bashir bilan to’g’ridan-to’g’ri muloqot qilmaydi. Al-Bashir Darfur mintaqasida urush jinoyatlari sodir etganlikda ayblanadi. Xalqaro Jinoiy Sud uni hibsga olish to’g’risida qaror chiqargan.

Sudan rahbari unga qo’yilgan ayblovlarni inkor etib, prezident sifatida faoliyatini davom ettiryapti. Hukm e’lon qilinganidan beri Afrika qit’asida qator anjumanlarda ham qatnashgan.

XS
SM
MD
LG