BMT Xavfsizlik Kengashi Sudan va Janubiy Sudanni tartibga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

Sudan aviatsiyasi tomonidan vayron qilingan bozor, Rubkona, Janubiy Sudan, 23-aprel, 2012-yil

Sudan aviatsiyasi tomonidan vayron qilingan bozor, Rubkona, Janubiy Sudan, 23-aprel, 2012-yil

BMT Xavfsizlik Kengashi Sudan va Janubiy Sudanni zudlik bilan mojaroni bas qilishga chaqirmoqda. AQShning BMTdagi elchisi Syuzan Raysning aytishicha, Janubiy Sudan qo'shinlari neftga boy munozarali Xeglig shahrini tark etayotgan payt Sudan hujumiga uchragan.

"Kengash a'zolari tomonlarni muzokaraga chaqirmoqda", - deydi Rays.

Sudan havo hujumlari oqibatida Yuniti shtatida 16 odam o'lgani, xabar qilinadi. 34 kishi jarohat olgan.

Afrika Ittifoqi har ikki davlatga neft, fuqarolik va chegaraga doir muammolarni bartaraf etish uchun 90 kun muhlat berdi, aks holda ish xalqaro sudga oshiriladi.

Xitoyda prezident Xu Sintao bilan uchrashgan Janubiy Sudan rahbari Salva Kiirning aytishicha, janubiy hududlarning Sudan tomonidan o'qqa tutilishi uning davlatiga qarshi urush e'lon qilish bilan tengdir.

Xitoy ham tomonlarni bosiqlikka va muloqotga da'vat etdi. Oq uy esa Sudan hujumlarini qoralab, harbiy harakatlarni darhol to'xtatishni talab qildi.

Xabarlarga ko'ra, Janubiy Sudan qo'shni davlat bilan chegaraga qo'shimcha kuchlarni safarbar etib, mudofaaga tayyorlanmoqda.

Xeglig shahri oy boshida 10 kun davomida Janubiy Sudan nazoratida edi, so'ng askarlar uni tark etgan. Rasmiy Juba xalqaro bosim ostida shahardan chiqdik desa, Sudan Xegligni kuch bilan qayta ishg'ol qildik, demoqda.

Ikki tomon bir mamlakat tarkibida 21 yil urush qilgan. Ikki milliondan ziyod odam nobud bo'lgan. Fuqarolik urushi 2005-yilda tugab, Sudanning janubiy qismi mustaqillikni qo'lga kiritgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG