Demokratik partiya super delegat tizimini qoldirishga qaror qildi

  • Amerika Ovozi

AQShda Demokratik partiya super delegatlar tizimidan voz kechmaslikka qaror qildi. Partiyadan prezidentlikka da'vogarlardan biri Berni Sanders kampaniya davomida super delegat tizimini adolatsiz deya, uni bekor qilishga chaqirgan edi.

Masala demokratlarning Filadelfiyada bo'ladigan qurultoyidan oldin ichki qoidalarga mas'ul qo'mitada ovozga qo'yilib, eskicha tartib o'z kuchida qoladigan bo'ldi.

AQSh bo'ylab o'tgan birlamchi saylovlarda Sandersni mag'lub etgan Hillari Klinton keyingi hafta bo'ladigan qurultoyda Demokratik partiyadan prezidentlikka yagona nomzod sifatida rasman e'lon qilinishi kutilmoqda.

Sanders tarafdorlariga ko'ra, super delegatlar ovozlari bo'lmaganida Klinton marraga birinchi bo'lib kelmagan bo'lardi.

Super delegatlar qatoriga partiyaga a'zo gubernatorlar, Senat va Vakillar palatasi qonunchilari, partiya yetakchilari kiradi. Prezidentlikka da'vogarlar ichki partiyaviy saylovlarda ovozlarning bir qismini elektoratdan olsa, qolganlarini super delegatlardan oladi.

Bu yilgi birlamchi saylovlarda Klinton 602, Sanders esa 48 super delegat ovozini qo'lga kiritdi. Sanders tarafdorlari nazarida super delegat tizimi adolatsiz bo'lib, uni bekor qilish kerak, yagona nomzodni yolg'iz saylovchilar aniqlashi zarur.

Partiyaning qoidalar qo'mitasi sistemani o'z kuchida qoldirgan bo'lsa-da, Sandersning harakatlari zoye ketmadi - kelasi ikki yil davomida super delegat tizimi isloh etiladigan bo'ldi.

Shuningdek, Sanders bosimi ostida Klinton o'z saylov kampaniyasiga minimal ish haqini soatiga 15 dollarga ko'tarish, o'lim jazosini bekor qilish hamda ayrim talabalar uchun o'qishni tekin qilish masalalarini kiritishga rozi bo'ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG