Breaking News

Arizona qabul qilgan immigratsion qonun Oliy Sud muhokamasida


Noqonuniy muhojirlarga qarshi qabul qilingan Arizona qonunini yoqlovchi va unga qarshi bo'lganlar Oliy Sud binosi oldida namoyishga chiqishdi. 25-aprel, 2012-yil.
Noqonuniy muhojirlarga qarshi qabul qilingan Arizona qonunini yoqlovchi va unga qarshi bo'lganlar Oliy Sud binosi oldida namoyishga chiqishdi. 25-aprel, 2012-yil.

Noqonuniy muhojirlarga qarshi Arizona shtati qabul qilgan qonun AQSh Oliy Sudi muhokamasida. Kuni-kecha uni yoqlovchi va qarshi bo’lgan taraflarning dalillari tinglandi. Amerikada, turli hisoblarga ko’ra, 11-12 million hujjatsiz muhojir yashaydi. Oliy Sud qarori ular taqdiriga qanday ta’sir qilishi bilan ahamiyatlidir.

Oliy Sud binosi tashqarisida “Amerika bizning ham vatanimiz” deya qo’shiq kuylayotganlarni, sudyalarga insof tilab, ibodat qilayotganlarni ham uchratasiz.

Kuni-kecha og’zaki munozaralar bo’lib o’tdi. Qonun, agar Oliy Sud tasdig’idan o’tsa, Meksika bilan chegaradosh Arizona shtatiga 400 ming noqonuniy muhojirga qarshi chora-tadbirlar ko’rish huquqini beradi.

Masalan, politsiya shubhali ko’ringan istalgan odamni to’xtatib, uning hujjatlarini tekshirishi mumkin. Shuningdek, hujjatsiz muhojirlarning ishlashi yoki ish qidirishini jinoyat deb belgilash ko’zda tutilgan.

Merilend shtatidan kelgan politsiyachi Ken Moreu bunday qonun-qoidalarni asosli deb hisoblaydi.

“Immigratsiyaning chegarasi bo’lishi kerak. Buni belgilash nafaqat huquqimiz, balki mas’uliyat hamdir. Mamlakatda 12 milliongacha noqonuniy muhojir bor. Bu katta muammo”, - deydi namoyishchi.

Arizona mutasaddilarining aytishicha, shtat bu muammoni o’zi hal etishga majbur, chunki federal hukumat bu borada hech qanday chora ko’rmayapti.

“Bu shtatga qarashli masalami yoki federal hukumatgami, hozir shu narsa aniq emas. Obama ma’muriyatining chegaradagi vaziyat bilan ishi yo’q”, - deydi Virjiniya shtatidan Jorj Poup.

Obama ma’muriyati Arizonani sudga bergan, chunki deydi rasmiylar, chegaralarni qo’riqlash shtatlarga emas, balki federal hukumatga tegishli mas’uliyatdir.

Ammo shtat politsiyasi hujjatlarni tekshirish uchun odamlarni to’xtatish huquqiga ega, degan qarashni ayrim sudyalar yoqlayotgandek ko’rindi.

Ruhoniy Mari Kastellanosning aytishicha, qonun insonparvarlik tamoyillariga ziddir. U yoshligida AQShga kelgan kubalik muhojirlardan.

“Bu mamlakatga kelganimda, odamlar bizni quchoq ochib kutib olishgan va barcha imkoniyatlarni yaratib berishgan. Chunki AQSh Kuba hukumatini yomon ko’rardi. Lekin oilamiz bu yerda gullab-yashnadi. Hammamiz kollejni tamomladik. Ozgina ko’mak ko’rsatilsa, immigrantlar tezda muvaffaqiyatga erishadi bu yerda”, - deydi u.

Kongressmen Luis Gutierrez fikricha, Arizona qonuni odamlarning kamsitilishiga sabab bo’ladi.

“Irqiy ayirmachilik qonunga xilof. Oliy Sud terisining rangi, ovozidagi aksenti bois Amerika fuqarolarining ko’chada to’xtatilmasdan, so’roqqa tutilmasdan erkin yurishini ta’minlay oladimi?” - deb so’raydi qonunchi.

Noqonuniy muhojirlar masalasi 2012-yilgi saylov kampaniyasida asosiy mavzulardan biriga aylangan. Amerikada eng tez o’sayotgan guruh - ispan tilida so’zlovchi saylovchilarning ham diqqat markazidan tushmaydi.

Arizonadagi kabi qonunlarni qabul qilgan boshqa shtatlar ham Oliy Sud qarorini kutmoqda. Iyun oyi oxirlarida hukm chiqadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG