Breaking News

Suriya boshi berk ko'chadan chiqa olmayapti


Aleppo, Suriya, 22-iyul 2013.
Aleppo, Suriya, 22-iyul 2013.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov dushanba kuni Moskvada Suriya bosh vaziri muovini Qodiriy Jamil bilan qonli mojaroni to’xtatish yo’llarini muhokama qildi. Ayni vaqtda muxolifat qo’shinlari yakshanba kungi mag’lubiyatdan keyin mamlakat shimolidagi ayrim hududlarni qo’lga kiritgan.

Ikki yildan buyon davom etayotgan qonli mojaro haqida gapirar ekan, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov uni harbiy yo’l bilan yechib bo’lmasligini ta’kidladi.

“Rossiya Suriyadagi vaziyatdan xavotirda. Biz mojaroning harbiy yechimi yo’q, deb hisoblaymiz”, - deydi u.

Moskvada Suriyalik rasmiylar bilan uchrashgan Lavrov masalaga diplomatik yechim topish tarafdori.

“Qonli urushni siyosiy jarayon orqali qanday to’xtatish mumkinligi yuzasidan fikr va g’oyalar almashinishi kerak”, - deydi Rossiya tashqi ishlar vaziri.

U, shuningdek, Suriya hukumati va muxolifatini hamkorlik qilishga va birgalikda “terrorchilar hamda ekstremistlarni” Suriyadan haydab chiqarishga undadi.

Kremlning Damashq bilan aloqalari azaldan mustahkam bo’lgan. Rossiya Suriyadagi mojaroning hal etilishida asosiy rol o’ynashga qodir.

Shu kungacha Moskva Yaqin Sharqdagi hamkorlariga nisbatan sanksiya kiritish haqidagi uchta taklifni qo’llashdan bosh tortdi. Rossiya nazarida, BMT Xavfsizlik kengashi hech bir davlat hukumatini hokimiyatdan chetlashtirishga haqli emas.

Suriyadagi urush bugunga qadar 100 mingdan ziyod odamning yostig’ini quritdi. Minglab fuqaro boshpanasiz qoldi, vatanini tark etishga majbur bo’ldi.

Kreml ayni paytda Damashqqa qurol-yarog’ sotishda davom etmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin G’arb hukumatlarining bu boradagi tanqidiga javoban, qurol fuqarolar urushida ishlatilmasligini ta’kidlaydi. Demak, unga ko’ra, Rossiya hech qanday xalqaro bitimlarni buzmayapti.

Kreml mojaroga yechim topishda ikki tomonlama muloqot tashkil qilish tarafdori. Shu maqsadda Vashington va Moskva birgalikda Jenevada Suriya hukumati va muxolifati o’rtasida tinchlik muzokaralarini tashkil etishga urinmoqda.

Ayni vaqtda Suriyada muxolifat kuchlari mamlakat shimolidagi bir necha hududni, xususan, Halab yaqinidagi Xon al-Hasan qishlog’ini egallab olgani xabar qilinmoqda. Bu strategik ahamiyatga ega qishloq Suriyaning eng katta shahri bo’lgan Halabni ham nazorat qilishda muhim ahamiyatga ega.

Mart oyida shahar uchun kechgan kurashlar davomida har ikki taraf bir-birini kimyoviy qurol ishlatganlikda ayblagan edi.

Damashq atrofidagi janglarda hukumat kuchlarining qo’li baland kelmoqda. 21-iyul kuni muxolifat kuchlari jiddiy mag’lubiyatga uchradi. To’qnashuvlardan birida 49 isyonchi halok bo’ldi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG