Suriyada 48 eronlik garovga olingan, Damashq va Halabda qonli janglar

  • Amerika Ovozi

Halab, Suriyaning tijoriy markazi, bugun vayrona

Halab, Suriyaning tijoriy markazi, bugun vayrona

Bugun Damashqda Erondan borgan 48 shia ziyoratchi garovga olingan. Tehron rasmiylari ular kimning qo'lida ekani ma'lum, ozod etish uchun harakat avjida, deydi. Ziyoratchilar isyonchilar tomonidan olib ketilgani taxmin qilinmoqda.

Suriyaning Halab, ba’zi manbalarda Aleppo deya tilga olinayotgan shahrida hukumat kuchlari va isyonchilar orasida qonli janglar davom etmoqda. Bugun davlat televideniyesi joylashgan bino asosiy nishonda bo’lgan. Tomonlar uni nazorat ostiga olish uchun kurashmoqda. Ayni damda kanal isyonchilar qo’lida.


Poytaxt Damashqda esa armiya isyonchilar yashiringan mahallalarni birma-bir o’qqa olmoqda.

BMT Suriya hukumatini qurol ishlatmaslikka yana bir bor undab, mojaroga nuqta qo’yish uchun xalqaro murosaga chaqirdi. Lekin Xavfsizlik Kengashi masala yuzasidan hamon bir fikrda emas. Davlatlar Suriyada vaziyat izdan chiqqanida bir-birini ayblash bilan band.

AQSh va Yevropa davlatlari Xitoy va Rossiyani Bashar al-Assadning yonini olib, minglab insonlar hayotiga zomin bo’lganlikda qoralasa, Pekin va Moskva nazarida G’arb Suriyaning ichki ishlariga aralashib, urushga olib borgan.

BMT Bosh Assamleyasi, Nyu-York, 3-avgust, 2012

BMT Bosh Assamleyasi, Nyu-York, 3-avgust, 2012

BMT Bosh Assambleyasi Suriya hukumati og’ir qurollar ishlatayotganini qoralovchi rezolyutsia qabul qildi. Hujjatda Xavfsizlik Kengashi ham keskin tanqid ostiga olinadi, samarasiz organ deya qayd etiladi.

Rossiyaning BMTdagi elchisi Vitaliy Churkin fikricha bunday rezolyutsiyalardan foyda yo’q.

"Hujjat shu paytgacha erishilgan kelishuvlarga ko’z yummoqda. Biz murosa tomon harakat qilayapmiz. Maxsus elchi Kofi Annan yetakchiligida siyosiy yechim qidirayapmiz", - deydi Churkin.

Ammo Annanning o’zi ham u taklif qilgan va boshida ma’qullangan reja bugun o’z qadrini yo’qotgani, Suriyada na hukumat van a isyonchilar unga amal qilganini tan olib, shu oy oxirida maxsus elchilik lavozimidan bo’shashga qaror qilganini aytmoqda.

Damashq

Damashq

Xitoy Suriyada hukumat tashqi kuchlar tomonidan o’zgartirilmasligi kerak deya ta’kidlamoqda.

Suriyaning qo’shnisi Isroil o’z pozitsiyasini tushuntirar ekan, Assad biror kelishuvga bosh egmaydi deydi. BMTdagi elchi Ron Prosorning aytishicha, Suriya shu kungacha kimyoviy qurollarimiz yo’q deb keldi. Lekin mana dunyo ko’rayaptiki, ular bor ekan. Hukumat ularni o’z xalqiga qarshi ishlatishga tayyor. Dunyo bunga qarab tura olmaydi. Bugun o’z bolalarini chavaqlayotgan hukumat ertaga ularga qarshi zaharli gazlar qo’llamaydi deb kim kafolat bera oladi? – deya so’raydi Isroil diplomati.

Suriyada 2011-yilning mart oyida boshlangan va bugungacha davom etayotgan qo’zg’olon va hukumat ko’rgan harbiy choralar oqibatida 19 mingga oshiq odamning yostig’i quridi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG