Halab uchun asosiy janglar odlinda, deydi ayrim tahlilchilar

  • Amerika Ovozi

Halab shahrida hukumat kuchlari va isyonchilar o'rtasida janglar, Suriya, 8-avgust, 2012-yil.

Halab shahrida hukumat kuchlari va isyonchilar o'rtasida janglar, Suriya, 8-avgust, 2012-yil.

Suriya hukumat kuchlari Halab shahrida isyonchilarni samolyot va tanklardan o’qqa tutishda davom etmoqda. Prezident Bashar al-Assad uni tark etgan sobiq Bosh vazir Riyod Hijab o’rniga Voil al-Xalqini tayinlagan.

Suriya davlat televideniyesiga ko’ra, shaharning Salohiddin mavzesi armiya nazoratiga o’tgan, isyonchilar esa pozitsiyalarini qo’ldan boy bermaganini aytmoqda.

Ayrim xabarlarga qaraganda muxolif kuchlarning ba’zilarigina chekingan. Ular o’q-dori kam qolayotganini aytmoqda.

Halabning bir qismi artilleriya, tank va havo hujumlari natijasida vayron bo’lgan.

Hims va boshqa shaharlarda ham to’qnashuvlar kuzatilmoqda. Armiya Dayr Ezzor shahrini qamalga olgan.

Londonlik tahlilchi Nadim Shahodiyning aytishicha, matbuot asosan Halabdagi voqealarga diqqatni qaratgan, ammo boshqa shaharlarda ham tinimsiz janglar ketmoqda.

"Halab uchun asosiy jang hali boshlanmadi. Hukumat kuchlari hozircha shaharni qurshovga olmoqda. Talofatlarga e’tibor bersangiz, Damashq, Rastan, Dayr Ezzor shaharlarida Halabga qaraganda ko’proq odam o’lgan", - deydi ekspert.

Shahodiyning taxmin qilishicha, hukumat Halab aholisining isyonchilardan beziyotganini kutayotgan va shundan so’ng yirik hujumga o’tishni rejalayotgan bo’lishi mumkin.

Bu o’rtada prezident Assad yangi bosh vazirni tayinlagan. Mamlakatdan qochgan Riyod Hijab esa Iordaniyada hozir.

Eron esa 30 davlat ishtirokida xalqaro anjumanga mezbonlik qilmoqda. Tashqi ishlar vaziri Ali Akbar Solihiyning aytishicha, tomonlar Suriyadagi mojaroga yechim izlaydi. Tadbirda Rossiya, Pokiston, Afg’oniston, Iroq kabi davlatlar rasmiylari ishtirok etmoqda. AQSh va G’arb davlatlari anjumanda qatnashishdan bosh tortgan.

Solihiy shu hafta Turkiyada bo’lib, Ozod Suriya armiyasi isyonchilari qo’liga tushgan 48 fuqarosining ozod etilishida yordam so’ragan.

Eron ularning ziyoratchi ekanini aytsa, Suriya muxolifati Eron Inqilobiy gvardiyasi josuslarini ushlaganini ta’kidlamoqda. Solihiyga ko’ra, ularning orasida sobiq harbiylar bor, ammo ular diniy amalni bajarish uchungina yo’lga chiqqan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG