Breaking News

Suriyaning Halab shahri aholisi ocharchilik bilan yuzlashmoqda


Halabdan qochgan aholi Turkiya chegarasi yaqinida, 5-fevral, 2016-yil
Halabdan qochgan aholi Turkiya chegarasi yaqinida, 5-fevral, 2016-yil

BMTning ogohlantirishicha, agar Suriya hukumati kuchlari Halab shahrini o'rab olsa, 300 mingga yaqin aholi insonparvarlik yordamidan uzilib qolishi mumkin.

Tashkilot hisob-kitobiga ko'ra, shaharning sharqiy qismida muxolif kuchlarning ta'minot yo'llari allaqachon uzib qo'yilgan. Turkiyaga o'tish yo'lagi ham to'silgan. Hukumat kuchlari hujumni davom ettirsa, yana 100 mingdan 150 minggacha bo'lgan aholi shaharni tashlab qochishi mumkin.

Shimoliy Suriya bir necha kundan beri Rossiya harbiy samolyotlari nishoniga aylangan. AQSh qo'llab-quvvatlayotgan mahalliy kuchlar va boshqa muxolif guruhlar tunnellarda jon saqlayotgani aytiladi.

Ixtilofga yakun yasash maqsadida Jenevada boshlangan muloqot o'tgan hafta to'xtab qolgan edi. Qarama-qarshi tomonlar muhim mavzular yuzasidan kelisha olmayapti.

Shu hafta Germaniyada o’tadigan xalqaro anjumanda yana Suriya masalasi ko’tariladi. Besh yillik urushga nuqta qo’yishga qaratilgan sa’y-harakatlar to’xtab qolgan. Qator mamlakatlar nazarida, Rossiyaning Suriyada olib borayotgan harbiy-havo hujumlari muloqot siljishiga halaqit berayapti.

BMT maxsus vakili Staffan de Mistura so’zlariga ko’ra, tinchlik jarayonida tanaffus e’lon qilingani muzokaralar to’xtab qoldi degani emas. U hukumat va oppozitsion guruhlarni uchrashtirishga harakat qilmoqda. Muxolifat, avvalo, gumanitar ahvol ijobiy tomonga o’zgarishi, Rossiya yoqlayotgan Suriya armiyasi shaharlarni bombardimon qilishini tugatishni talab qilmoqda.

Rossiya olib borayotgan harbiy kampaniya minglab suriyaliklarni uy-joyini tashlab ketishga majbur qilayapti, deydi AQSh Davlat kotibi Jon Kerri.

“Halab va boshqa shaharlar tinimsiz o’qqa tutilayotgani jiddiy muloqotga yo’l bermayapti”, - deydi bosh diplomat.

Tahlilchilar fikricha, Rossiya yordamida urushda ustunlikni qo’lga olgan Bashar al-Assad ma’muriyati ayni paytda muloqotga moyil emas. Jiddiy muloqot boshlanishi uchun barcha tomonlar sulhga amal qilishi kerak. Ammo Rossiya va Suriya hukumatining bunga rozi bo'lishi qiyin, deydi kuzatuvchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG