Suriya Halabda hujumlarni 48 soatga to'xtatdi

  • Amerika Ovozi

Suriya hukumati Halabda otishmani to'xtatish qarori 48 soatga uzaytirilganini ma'lum qildi. Bu yerda so'nggi paytlarda hukumat va muxolifat o'rtasida kuchaygan to'qnashuvlar fevral oxirida erishilgan sulhning davom etishini xavf ostiga qo'ygan edi.

AQSh rasmiylari sulhning mamlakat bo'ylab amal qilishda davom etishini xohlashlarini, ammo mahalliy darajada qabul qilingan otashkesim ham foydali ekanini aytdi.

"O'zaro ishonch yaratish uchun bu yaxshi. Sulh 48 soatdan, 72 soatdan ham oshsa yanada yaxshi", - dedi AQSh Davlat departamenti rasmiylaridan biri.

Bu orada AQSh va Rossiya Suriya mojarosiga yechim topish harakatini davom ettirmoqda. Ikki davlat e'lon qilgan qo'shma bayonotga ko'ra, Shimoliy Latakiya va Sharqiy G'utada ham to'qnashuvlar kamaygan.

"Lekin mamlakatning bir necha hududlarida , ayniqsa, so'nggi paytlarda sulh ijrosi muammolar bilan yuzlashib turibdi", - deyiladi bayonotda.

Sulh kelishuvining ijrosini ta'mnlashda Rossiya Suriya rejimiga, AQSh esa muxolifatga ta'sir o'tkazishga urinmoqda. Bu orada AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Parijda Xalqaro Suriya yordam guruhiga a'zo Fransiya va boshqa davlatlar rasmiylari bilan uchrashdi.

17 davlatni o'z ichiga olgan guruh BMT homiyligida boshlangan Suriya tinchlik jarayonida ishtirok etmoqda. Mamlakatda davom etayotgan bir necha yillik urushni to'xtatish, siyosiy o'tish hukumatini tuzish hamda "Islomiy davlat"ga qarshi kurashni kuchaytirish muhokama qilinayotgan asosiy mavzular.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat uchun mas'ul rasmiysi Federika Mogerini guruh maqsadlarini qo'llab-quvvatladi.

"Suriya inqirozini hal qilish hamda insonparvarlik yordamiga yo'l ochish uchun siyosiy yechimdan boshqa yo'l yo'q", - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG