Suriya kimyoviy qurollarini topshirishi qanchalik haqiqatga yaqin?

  • Amerika Ovozi

Suriya prezidenti Bashar al-Assad, 2-sentabr, 2013-yil.

Suriya prezidenti Bashar al-Assad, 2-sentabr, 2013-yil.

AQSh davlat kotibining Suriya kimyoviy qurollari haqida aytgan bir og’iz gapi xalqaro maydonda katta o’zgarishlarga sabab bo’ldi. Rossiya va Fransiya Suriyaga tegishli ommaviy qirg’in qurollarini yo’q qilish bo’yicha yangi reja bilan chiqdi. Kongress masala yuzasidan ovoz berishni kechiktirdi. Dunyoning boshqa mamlakatlari ham Rossiya taklifini ijobiy qabul qilmoqda. Ammo mutaxassislar orasida yangi rejaning ish berishiga shubha bilan qarovchilar ko’p.
O’zgarishlar dushanba kuni Londondagi matbuot anjumanidan so’ng boshlandi. Jurnalistlardan biri Jon Kerriga Suriyada AQSh hujumidan omon qolish uchun biror imkoniyat bormi, deya savol berdi.

“Albatta, agar Assad barcha kimyoviy qurollarini keyingi haftada xalqaro hamjamiyatga topshirsa”, - deya javob qildi Kerri.

Ammo u nazariy jihatdan gapirayotganini aytib, bu ishning haqiqatda amalga oshishi imkonsiz ekanini ta’kidladi.

“U bunday qilmaydi, bu imkonsiz bir ish”, - dedi AQSh davlat kotibi.

Rossiya zudlik bilan Kerrining taklifini Suriyaga yetkazib, Assadni qurollarini topshirishga ko’ndirdi. Natijada AQSh Kongressi hujum rejasi bo’yicha ovoz berishni kechiktirishga majbur bo’ldi. Fransiya esa BMT Xavfsizlik Kengashida Suriya kimyoviy qurollarini xalqaro hamjamiyat nazoratiga o’tkazish bo’yicha yangi rezolyutsiya qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi. Prezident Barak Obama bu taklifni qabul qilishga rozi ekanini aytdi, agar uni amalga oshirish imkoni bo’lsa.

Ammo buning uchun kamida bir necha hafta kerak bo’ladi. AQSh rasmiylarining xavotiri shuki, Suriya va Rossiya Kerrining og’zidan chiqqan gapni ushlab olib, xalqaro hamjamiyat e’tiborini chalg’itishga va harbiy hujumning oldini olishga urinayotgan bo’lishi mumkin.

Britaniya tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg taraflarni hushyor bo’lishga chaqiradi.

“Bu faqat chalg’ituvchi taktika emasligiga, muammolarni yechish yo’lidagi yangi to’siqqa aylanmasligiga ishonch hosil qilishimiz kerak. Suriya va Rossiya o’zining jiddiyligini va bu amalga oshirish mumkin bo’lgan ish ekanini ko’rsatishi lozim”, - dedi angliyalik rasmiy.

Prezident Obama kimyoviy qurollarning kelajakda takror qo’llanishining oldini olish va Suriya hukumatining harbiy salohiyatini zaiflashtirish maqsadida harbiy hujum uyushtirishni maqsad qilgan edi. Uning aytishicha, Suriya hukumati kimyoviy qurollar ishlatishni taqiqlovchi qariyb bir asrlik xalqaro qonunni buzgani uchun jazolanishi kerak.

Agar Kongress hujum rejasini ma’qullasa, Suriyada avvaldan aniqlangan harbiy obyektlar havodan o’qqa tutiladi. Londondagi Qirollik kolleji tahlilchisi Joanna Kidning aytishicha, Suriya kimyoviy qurollarini nazoratga olish uzoq vaqt talab etadigan jarayon.

“Bu bir necha oylik ish. Shuni ham unutmaslik kerakki, Suriyada hozir fuqarolar urushi davom etmoqda. Bu hol jarayonni yanada murakkablashtiradi”, - deydi u.

Kidning aytishicha, Gaagada joylashgan Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti Suriyaga o’z mutaxassislarini yuborishi mumkin. Ammo ular butun Suriyani qamrab ololmasligi va urush bo’layotgan hududlarga borishdan bosh tortishi ehtimoli yo’q emas, deydi u.

Ammo tavsiyaning ishlamasligiga sabab faqat bu emas, deydi professor Kid.

“Suriya rejimi uchun kimyoviy qurollar muhim ahamiyatga ega. Suriya so’nggi yillarda bu kabi bir qator qurollarni ishlab chiqargani taxmin qilinadi”, - deyi u.

Damashq yaqin ittifoqchisi Rossiyaning ra’yiga qarshi borishni ham istamaydi. Vashingtondagi Amerika universitetida tarix bo’yicha professor Alan Lixtmenning aytishicha, yangi o’zgarishlardan Rossiya ham manfaatdor.

“Bu rossiyaliklardan tushgan jiddiy taklif. Ular Assad rejimini qo’llagani uchun xalqaro maydonda ko’p obro’ yo’qotdi. Chunki hamma Suriya hukumatini hech qanday yordamga arzimaydigan shafqatsiz va qotil rejim deb biladi. Bu Putin uchun o’z nomini oqlashga imkoniyat”, - deydi Lixtmen.

Ammo Rossiya haqiqiy nom qozonishi uchun kimyoviy qurollarni nazorat qilish rejasi samimiy va ishonchli bo’lishi kerak. Agar bunday bo’lmasa, bundan faqat Assad rejimi foyda ko’radi. Damashq kelajakda kimyoviy qurollarga yana qo’l uzatishi mumkin. Bu Eron, Shimoliy Koreya kabi boshqa davlatlarni ham AQSh va BMT tomonidan qo’yilgan jazo choralarini tan olmaslikka undaydi, deydi kuzatuvchilar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG