Breaking News

Suriya Kofi Annanning tinchlik rejasini qabul qildi


BMT sobiq kotibi Kofo Annan Pekinda Xitoy Bosh vaziri Ven Jiabao bilan Suriya masalasini muhokama etmoqda. 27-mart, 2012--yil
BMT sobiq kotibi Kofo Annan Pekinda Xitoy Bosh vaziri Ven Jiabao bilan Suriya masalasini muhokama etmoqda. 27-mart, 2012--yil

BMT va Arab Ligasining Suriya bo'yicha maxsus vakili Kofi Annanning aytishicha, rasmiy Damashq Annan taklif etgan tinchlik rejasini qabul qildi. Bugun BMT sobiq bosh kotibi Pekinda Xitoy Bosh vaziri Ven Jiabao bilan uchrashib, masala xususida fikr almashgan. Xitoy uning vositachilik missiyasini qo'llab-quvvatlashini aytgan.

Annan rejasiga ko'ra, Suriya hukumati isyonchilar bilan sulh tuzib, muloqot boshlashi kerak. BMT Xavfsizlik Kengashi tasdig'idan o'tgan hujjatga G'arb va Arab davlatlarining Suriya prezidenti Bashar al-Assadni iste'foga chaqiruvchi talabi kiritilmagan. Rossiya va Xitoy shu mazmundagi rezolyutsiya loyihalarini ikki bor o’tkazmagan edi.

AQSh Davlat xavfsizlik kengashi rahbarining o'rinbosari Ben Rodsning aytishicha, a'zo davlatlarning masalaga yondashuvi turlicha bo'lgani bilan olg'a siljish bor.

"Annan tashabbusi zo'ravonliklarni to'xtatishga, gumanitar yordamni muhtojlarga yetkazishga, ayrim siyosiy o'zgarishlarga sharoit yaratadi. Assadning hokimiyatdan ketishi ana shunday o'zgarishlarning bir qismi bo'ladi degan umiddamiz", - deydi AQSh rasmiysi.

Bir necha guruhdan iborat Suriya muxolifati bugun Istanbulda uchrashib, 1-aprelga belgilangan yirik anjumandan oldin umumiy ittifoqqa birlashmoqchi.

Muxolifat a'zosi Bassam Jaara guruhlarning Suriya milliy kengashi ishlab chiqqan deklaratsiyani imzolashini istaymiz, deydi.

"Unda Assaddan keyingi Suriyani boshqarish tamoyillari ifoda etiladi", - deydi faol.

Yakshanba kuni G'arb va arab davlatlaridan iborat "Suriya do'stlari" guruhi ham Istanbulda majlis qilib, muxolifatga yordam berish yo'llarini muhokama qiladi. Tadbirda AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton ham qantashadi. Klinton shu hafta Riyodda Saudiya Arabistoni qiroli Abdulla va Fors ko'rfazida joylashgan besh arab davlatlarining tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashadi.

Bu o'rtada bugun Suriya poytaxti Damashq tevaragidagi otishmalarda kamida sakkiz odam o'lgani aytilmoqda. Biroq muxolifat tarqatgan bu xabarni tasdiqlash imkoni yo'q.

Sano davlat axborot agentligiga ko'ra, qonunchilar prezident Asaddan muxolifat bilan muloqot natijasi ayon bo'lmaguncha, 7-mayga belgilangan parlament saylovlarini kechiktirishni so'ragan.

Suriyadagi bugungi manzara:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG