AQSh: Suriya hukumatini ishlariga qarab baholaymiz

  • Amerika Ovozi

Arab Ligasiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Iroq poytaxti Bag’dodda o’tayotgan majlisda Suriyadagi ahvolni muhokama qilmoqda.

BMT va Arab Ligasining Suriya bo’yicha maxsus vakili Kofi Annan taklif etgan tinchlik rejasiga Suriya rozi. AQSh hukumati esa Suriya rahbari Bashar al-Assad unga to’la rioya qilishi zarurligini ta’kidlagan.

Kofi Annan shu hafta Rossiya va Xitoyda muzokaralar o’tkazib, bu ikki davlat uning vositachilik missiyasini qo'llab-quvvatlashini aytgan edi.

Kofi Annan taklif etgan reja Suriya mojarosini hal etish uchun so'nggi chora deb ko'rilmoqda

Kofi Annan taklif etgan reja Suriya mojarosini hal etish uchun so'nggi chora deb ko'rilmoqda

Annan rejasiga ko'ra, Suriya hukumati isyonchilar bilan sulh tuzib, muloqot boshlashi kerak. Ammo BMT Xavfsizlik Kengashi tasdig'idan o'tgan hujjatga prezident Assadni iste'foga chaqiruvchi talab kiritilmagan.

G’arb davlatlari kelishuvni olqishlash barobarida unga shubha bilan qaraydi. Hukumatga qarshi kurashayotgan muxolif guruhlar nazarida Assad isyonlarni bostirish uchun vaqtdan yutish maqsadida bitimga rozi bo’lgan.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, Suriya rahbari tinchlik rejasini qabul qilgani ijobiy qadam, lekin uning ijrosi muhimroq.

“Bashar al-Assad o’tmishda va’dalarini bajarmagan, hozirgi kelishuv shartlarini zudlik bilan amalga oshirish lozim. Tinch aholini o’qqa tutishni bas qilib, qo’shinlarni shaharlardan chiqarsin”, - deydi Klinton.

AQSh bosh diplomati rasmiy Damashqni siyosiy mahbuslarni ozod etishga, tinch namoyishlar va siyosiy faoliyatga ruxsat berishga, matbuot erkinligini ta’minlashga va demokratik davlat tizimiga o’tish yo’lida choralar ko’rishga chaqirdi.

"Muxolifat ham o’z nazoratidagi mintaqalarga insonparvarlik yordami yetkazishga ruxsat berishi lozim”, - deydi u.

Amerikalik ayrim qonunchilar prezident Bashar al-Assad iste’foga chiqishi kerak deb hisoblaydi.

“Xalqaro jamoatchilik bir yoqadan bosh chiqarib, “Assad yo’qol” deyishimiz, qurbon bo’layotgan begunoh xalqni asrab qolish zarur. Damashqqa qarshi kurashayotgan muxolif kuchlarni qurol va treyning bilan ta’minlash kerak”, - deydi respublikachi senator Lindsi Grexem.

Senator Jonni Ayzikson ham al-Assad davlat tepasida ekan, muammoga yechim bo’lmaydi, deydi.

Bu orada, G'arb va arab davlatlaridan iborat "Suriya do’stlari" guruhi 1-aprelda Istanbulda uchrashib, vaziyatni muhokama qilishi kutilmoqda. Tadbirda AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton ham qantashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG