Suriyada tinchlik bitimi kechroq kuchga kirishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Faollar poytaxt Damashq tevaragi, Ildib va Hims viloyatlari bugun ham o’qqa tutilganini bildirmoqda

Faollar poytaxt Damashq tevaragi, Ildib va Hims viloyatlari bugun ham o’qqa tutilganini bildirmoqda

BMT-Arab Ligasi elchisi Kofi Annanning aytishicha, Suriyada otishmani to’xtatishga doir bitim 12-aprelda kuchga kirishi kerak, lekin hukumatning namoyishchilarga qarshi bosimini tugatish choralari o’ta sust kechmoqda.

“Zo’ravonlik davom etayotgani sir emas. Qo’rqinchli talofatlar haqida eshitmagan kunimiz yo’q. Aholi punktlarida jangovar amaliyotlar tinmagan”, - deydi Annan.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Bosh Assambleyada qilgan chiqishida Suriya xalqi dahshatli azoblar, jumladan jinsiy zo’rlash kabi jioyatlar bilan yuzlashmoqda, dedi.

Faollar poytaxt Damashq tevaragi, Ildib va Hims viloyatlari bugun ham o’qqa tutilganini bildirmoqda.

BMT-Arab Ligasi delegatsiyasi bugun Suriyaga borib, hukumat bosimini tugatish maqsadida monitoring missiyasi boshlash yuzasidan muzokaraga kirishgan edi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Suriyadagi ahvoldan dahshatda

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Suriyadagi ahvoldan dahshatda

Ekspertlar Damashqda ekan, Kofi Annanning so’zlovchisi Ahmad Favzi Suriya armiyasi uch yirik shaharlardan chiqa boshlaganini ma’lum qilgan. Favzining aytishicha, BMTga a’zo davlatlardan Suriyaga tinchlikparvar qo’shin jo’natishda yordam so’ralmoqda. Ha yoki yo’q ma’nosidagi tugal qaror BMT Xavfsizlik Kengashi tasdig’idan o’tishi kerak bo’ladi.

Turkiyaning bildirishicha, oxirgi ikki kunda 1600 suriyalik uy-joyini tashlab, chegaradan o’tgan.

BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari prezident Assadni tanqid qiluvchi, zo’ravonlikni bas qilish haqidagi va’dalarini bajarmagani uchun tanbeh beruvchi bayonot loyihasi ustida bosh qotirmoqda. Bu loyiha Assaddan aholiga qarshi og’ir qurollarni qo’llashni to’xtatib, harbiy qismlarni barcha qishloq, shaharlardan olib chiqishni talab qiladi.

Kofi Annan bugun kechroq BMT Bosh Assambleyasida so’zlab, vositachilik qanchalik samara berayotgani yuzasidan hisobot berishi kerak bo’ladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisob-kitobiga qaraganda, Assad hukumatiga qarshi o’tgan yili boshlangan g’alayon 9 mingdan ziyod odamni hayotdan olib ketgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG