Urush Suriyaning qadim obidalarini kulga aylantirmoqda

  • Amerika Ovozi


Birlashgan Millatlar Tashkilotida Suriya muammosi muhokama qilinayotgan bir mahalda Nyu-York San’at muzeyida bu o’lka madaniy merosini asrab qolishga bag’ishlangan tadbir bo’lib o’tdi.

Nyu-York San’at muzeyida saqlanadigan noyob durdonalar har yili millionlarni o’ziga jalb etadi. San’at ahli Suriyadagi tarixiy obidalar urush oqibatida vayron bo’layotganiga e’tiborni qaratib, ularni saqlab qolaylik deya bong urmoqda.

UNESCO, BMTning Ta’lim, Ilm-Fan va Madaniyat tashkiloti rahbari Irina Bokova so’zlariga ko’ra, odamlar hayotini va madaniy merosni asrash birdek ahamiyat kasb etadi.

Suriya mojarosi shu kungacha 100 mingdan ziyod odamning yostig’ini quritdi. Urush avjida ekan, qadim obidalarni avaylash uchun hech narsa qilinayotgani yo’q.

Xalqaro Muzeylar Kengashi yaqinda “qizil” ro’yxatini e’lon qildi. Unda Suriyaning butunlay yo’qolib ketishi arafasida turgan madaniy yodgorliklari sanab o’tilgan.
O’rta asrlarga oid sopol idishlardan tortib, temirdan yasalgan nafis buyumlargacha, hammasi yer bilan yakson qilinyapti yoki mamlakatdan olib chiqib ketilyapti.

AQSh Davlat kotibi muovini Anna Richardning aytishicha, urush tugashini kutib o’tirmasdan Suriyaning boy madaniy merosini asrab qolish uchun kurashni zudlik bilan boshlash kerak.

"Bu insoniy, gumanitar burch. Nafaqat insonlar hayotini, butun jamiyatni yemirilishdan asrash kerak”, - deydi rasmiy.

Damashqdan tortib Halabgacha, shaharlar birma-bir vayronaga aylanar va aholi Suriyani tark etar ekan, betakror tarixiy yodgorliklarni qutqarishga haliyam kech emas, deydi faollar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG