Bugun Suriya Arab Ligasidan chiqarilishi kutilmoqda

  • Amerika Ovozi

Arab Ligasiga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Marokashning Rabot shahrida Suriya masalasini ko'rmoqda. 16-noyabr, 2011-yil

Arab Ligasiga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Marokashning Rabot shahrida Suriya masalasini ko'rmoqda. 16-noyabr, 2011-yil

Bugun Marokashda arab davlatlari va Turkiya tashqi ishlar vazirlari xalqqa nisbatan zo'ravonliklarni bas qilmayotgan Assad hukumatini qo'shimcha sanksiya bilan jazolash chorasini muhokama qilgan. Damashqdan elchilarini chaqirib olish ana shunday choralardan biri.

Rabat shahrida Arab-Turk hamkorlik forumi o'tmoqda. Arab Ligasiga a'zo davlatlar rasmiylari Suriya hukumati zulmga chek qo'ymasa, mamlakatni tashkilotdan haydashga o'tgan hafta ovoz bergan. Qaror bugun kuchga kirishi kutilmoqda.

Suriya muxolifatiga ko'ra, bugun poytaxt Damashq yaqinida sobiq askarlar harbiy bazaga hujum qilgan. O'zini Ozod Suriya armiyasi jangchilari deb atayotgan harbiylar harbiy-havo razvedkasi joylashgan majmuani raketa va pulemyotdan o'qqa tutgan.

Bu prezident Bashar al-Assadga qarshi chiqib, armiyadan qochgan zobitlardir. So'nggi paytda ular Suriya qurolli kuchlariga qarshi hujumlarini oshirgan. Ular siyosiy muxolifatdan mustaqil ravishda harakatlanib, davlat xavfsizlik tizimlarini zaiflashtirmoqchi. Guruh muvaqqat harbiy kengashga asos solgan. Tarkibida 15 ming jangchisi borligini da'vo qilmoqda.

Ozod Suriya armiyasidan tashqari yana ikki guruh Assad rejimiga qarshi kurashmoqda. Biri Turkiyada tashkil topgan Suriya milliy kengashi. Turli siyosiy qarashlarga ega arboblarni o'z ichiga olgan guruh xorij aralashuviga, prezident Assad hukumati bilan muloqotga qarshi.

Uchinchisi esa Milliy muvofiqlashtiruvchi qo'mita. Suriyada joylashgan. Hukumatni muloqotga, islohotlarga chaqiradi.

Bugun mamlakatdagi zo'ravonliklar oqibatida kamida 11 kishi o'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG