Arab Ligasi Bashar al-Assadni qatliomda ayblamoqda

  • Amerika Ovozi

Idlib aholisi uy-joyini tashlab chiqmoqda, 10-mart 2012

Idlib aholisi uy-joyini tashlab chiqmoqda, 10-mart 2012

Suriya prezidenti Bashar al-Assad yurtida tinchlikni tiklashga va’da bermoqda. “Buning uchun sidqidildan harakat qilamiz va haqqoniy tomonlar bilan gaplashamiz”, - deydi u.

Assad Hims va Idlib kabi viloyatlarda hukumat kuchlari bilan olishayotgan muxolif tomonlar, jangarilar bilan muzokaraga bormasa kerak, deydi Damashq pozitsiyasi bilan yaqindan tanish siyosatdonlar.

Kofi Annan Suriya prezidenti Bashar al-Assad huzurida, Damashq, 10-mart 2012

Kofi Annan Suriya prezidenti Bashar al-Assad huzurida, Damashq, 10-mart 2012

Bugun BMT sobiq bosh kotibi, bu tashkilot va Arab Ligasining Suriya bo’yicha maxsus vakili Kofi Annan Bashar al-Assad bilan muloqot qilgan.

Annan Suriya rahbarini xalqqa nisbatan kuch ishlatishdan tiyilishga undagan. Lekin Assad deydiki, hukumat terroristlarga mamlakatni bosib olish uchun yo’l bermaydi. Suriya hukumati nazarida unga qarshi bosh ko’targanlarning aksariyati terrorchilar. Namoyishchilar esa buni zolim tuzumning norozi ommaga nisbatan tuhmati deb ataydi.

Qo'zg’olon markazlaridan biri bo’lmish Idlibda aholi jon saqlash uchun uy-joyini tashlab, shahar va qishloqlarni tark etmoqda. Idlib shahridan olingan video va foto tasvirlarda tutun bosgan ko’chalar, alanga ostidagi mahallalarni ko’rasiz.

Hims mana bir oydan oshibdiki, jang maydoni. Shaharda suv ta’minoti to’xtagan. Oziq-ovqat va dori-darmon yetishmayapti. Elektr tarmoqlari ishdan chiqqan.

Himsdagi manzara:

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov

Kofi Annan fikricha mojaroga harbiy yechim yo’q, siyosiy murosa eng ma’qul yo’l, deydi u. Hukumatga qarshi kurashayotgan jangarilarni qurollantirish vaziyatni yanada izdan chiqaradi, deydi u. Bu bilan BMT sobiq bosh kotibi G’arbni mojaroga aralashmaslikka, ya’ni muxolifatga qurol-aslaha uzatmaslikka chorlamoqda.

Bugun Qodirada majlisga yig’ilgan Arab Ligasi a’zolari nazarida, Suriya hukumati qatliom va buzg’unchilik uchun javobgar.

Qatar Bosh vaziri Shayx Hamad bin Jassim al-Taniy Bashar al-Assad rahbariyatini genotsidda aybladi. Uning fikricha muxolifat yordamga muhtoj. Jangarilar adolat uchun kurashmoqda, deydi u.

Qatar Bosh vaziri Shayx Hamad bin Jassim al-Taniy

Qatar Bosh vaziri Shayx Hamad bin Jassim al-Taniy

Saudiya Arabistoni esa Rossiya va Xitoyni BMT rezolyutsiyasini ma’qullamay Suriyadagi ahvolni yanada og’irlashtirganlikda tanqid qilmoqda. Qirollik bu ikki davlat mas’uliyatsiz siyosat yuritmoqda deya qoralamoqda.

Arab Ligasining bugungi yig’ilishida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham ishtirok etgan. Uning ta’biricha, Bashar al-Assad muxolifat bilan muzokara boshlasa ahvol yaxshilanishi mumkin. Rossiya tashqaridan hech kim bu mojaroga aralashmasligi kerak deb kelmoqda.

Suriyada hukumatga qarshi qo'zg’olon boshlanganiga bir yil bo’layapti. Uni to’xtatish uchun ko’rilgan harbiy choralar natijasida shu kungacha 8000 dan oshiq fuqaro halok bo’ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG