Arab Ligasi Suriyaga tinchlikparvar qo’shin jo’natmoqchi

  • Amerika Ovozi

Arab Ligasi tinchlikparvar qo'shinlar BMT va arab davlatlari vakillaridan iborat bo'lsin, deydi

Arab Ligasi tinchlikparvar qo'shinlar BMT va arab davlatlari vakillaridan iborat bo'lsin, deydi

Inson huquqlari faollarining so’zlariga qaraganda, Suriyada armiya isyonchilar manzili Hims va boshqa shaharlarni nishonga olishda davom etmoqda.

Tank va artilleriya bizni o’qqa tutmoqda, 4-fevraldan beri hududda yuzlab odam o’ldi, deydi ular.

Kecha Arab Ligasi Suriyaga tinchlikparvar qo’shin jo’natish va prezident Bashar al-Assadga qarshi kurashayotgan muxolifatni to’liq qo’llab-quvvatlashga kelishib oldi.

Xalqaro hamjamiyat bu davlatda ro’y berayotgan qon to’kilishlarini tugatish qarorida qat’iy, deydi liga rasmiylari.

Tashkilotga a’zo davlatlar Suriyaga BMT va arab mamlakatlari vakillaridan iborat tinchlikparvar bo’limlarni safarbar etishga doir rezolyutsiyani ma’qulladi.

Rasmiy Damashq tashabbusni darhol rad etdi.

Bu Arab Ligasining vasvasasidan boshqa narsa emas, deydi Suriyaning ligadagi vakili Ahmad Yusuf. Rossiya esa yangi taklifni ko’rib chiqishga tayyor.

Al-Qoida yetakchisi Suriyada hukumatga qarshi namoyishlarni olqishlab, qo’shni musulmon davlatlarni yordamga undamoqda.

Ayman al-Zavohiriy internetdagi murojaatida Iroq, Iordaniya, Livan va Turkiya ahlini tilga olib, Bashar al-Assad rejimini “zolim, ildizi qurib borayotgan” sistema deya ta’riflagan.

Rasmiy Bag’dod ta’rificha, oxirgi to’rt oyda Iroqdan Suriyaga al-Qoidaga aloqador jangarilar va qurol-aslaha oqimi kuchaygan.

O’tgan hafta Suriyaning nisbatan osuda shahri Aleppoda xavfsizlik va razvedka idoralari yonida portlashlar ro’y berib, o’nlab fuqaro o’lgan.

Hims va boshqa shaharlardagi manzara:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG