Suriya armanlari tarixiy vataniga qaytmoqda

  • Amerika Ovozi

Suriyadagi ikki yillik urush bugungacha 70 mingdan ziyod odamning boshini yedi. Urush davom etib, radikalizm kuchayar ekan, arman nasroniylar sekin-asta vatanni tark etmoqda.

“Amerika Ovozi” muxbiri Jeyms Bruk ayrim qochqinlar bilan Yerevanda suhbatlashdi.

O’rta maktabda bir guruh qizlar gitara chalib, qo’shiq aytishyapti. Ular Suriyadan. O’tgan yili ikki haftalik ta’tilga Armanistonga kelishdiyu, uyga qaytib borishmadi.

Suriyadagi fuqaro urushidan qochib, tarixiy vataniga yo’l olgan etnik armanlar soni olti mingdan oshadi.

O’quvchilar Skype va Facebook orqali Suriyada qolgan do’stlaridan xabar olib turishadi.

“Ommabop saytlarda ulanamiz-u lekin gaplasha olmaymiz. Suhbatimiz yig’i-sig’i bilan o’tadi”, - deydi 15 yoshli Maria Vartanian.

Garen Balxian Suriya shimolidagi Halab shahrida yashar edi. “Og’aynilarim turli davlatlarga tarqalib ketdi. Ayrimlari men bilan Yerevanda, kimdir Kanadada, yana ba’zilar AQShga ketdi”, - deydi u.

Sarkis Balxian ham suriyalik armanlardan. AQShda tahsil olib, so’ngra qochqinlarga yordamlashish maqsadida Armanistonga kelgan.

“Mojaro boshlanganida ko’pchilik bir-ikki haftada tinchib ketadi deb o’ylagan. Armanistonga vaqtincha ko’chgan qochqinlarning bor-buti haliyam Suriyada”, - deydi suhbatdosh.

Sarkis Rashduni Suriyada valyuta savdosi bilan shug’ullanardi, hozir Yerevanda restoranda ishlaydi. Uning aytishicha, radikal kuchlar Suriyada hokimiyatni qo’lga olsa nasroniylar taqdiri ne kechadi degan xavotir bor.

“Xristianlar Yaqin Sharqning qay bir nuqtasida bo’lmasin siyosatchilarga ishonmaydi. Ular oddiy odamlarga ishonadi. Mintaqada nasroniy aholi yashaydigan barcha jamiyatlar hozir notinch”, - deydi Rashduni.

Armanlarni hushyorlikka undaydigan tarixiy omillardan biri bu - Birinchi jahon urushi paytida usmoniy turklar tomonidan 1.5 million arman qirilganidir.

O’shandan beri, deydi siyosatshunos Richard Giragosian, bu elat xavfni his etgan zahoti ko’chishga moyil. 1950-yillarda Misr prezidenti Jamol Abdul Nosir olg’a surgan sotsialistik islohotlar armanlarni bosh olib ketishga majburlagan.

“Xuddi shunday migratsiya Bayrut va Tehronda ham kuzatilgan. 1979-yilgi islomiy inqilob ketidan armanlar Eronni katta sonda tark etgan. Xullas, arman diasporasi Yaqin Sharqda doimo harakatda bo’lgan, bu yerda hech qachon muqim yashamagan”, - deydi Giragosian.

Yangi avlodning ustun jihati ham shunda, deydi olim. Ular har qanday vaziyatga va yangi sharoitga moslasha oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG