Bashar al-Assad o'zgarish va'da qilmoqda, ammo unga ishonch past

  • Amerika Ovozi

Bashar al-Assad tarafdorlari uni quvvatlab namoyishga chiqqan

Bashar al-Assad tarafdorlari uni quvvatlab namoyishga chiqqan

Suriyada prezident Bashar al-Assadni qo’llab-quvvatlagan o’n minglab fuqaro namoyishga chiqqan.

Poytaxt Damashq va boshqa shaharlarda davlat rahbari surati va milliy bayroqni ko’targan odamlarni ko’rish mumkin.

Prezident Bashar al-Assad islohotlar va’da qilar ekan, mahbuslar uchun amnistiya e’lon qildi. 20-iyunga qadar qamoqqa olingan kishilar ozod etiladi.

Bu choralar dushanba kungi bir soatlik nutq ketidan amalga oshirilmoqda. Prezident Assad xalq bilan maslahat qilib, parlament saylovlari, matbuot va yangi konstitutsiya yuzasidan yangi qonunlarni muhokama qilishga va'da berdi.

Damashqdagi namoyishlar

Damashqdagi namoyishlar

Faollar nazarida bu va’dalar - safsata.

"Uch oydan beri demokratik o’zgarishlar so’rab, harbiylar bosimiga chidab namoyish qilayotgan xalqning dardiga quloq solmagan prezidentga ishonmaymiz", - deydi ular.

Bugun Idlib viloyati, Hims va Damashq tevaragida yuzlab odamlar isyon qilib, “yolg’onchi”, “va’daboz” degan hayqiriqlar bilan Assadning ketishini talab qilgan.

Turkiyada panoh topgan suriyalik 10 ming qochqin orasida ham norozilik hissi kuchli.

Huquq faollari chamasiga ko’ra, bahor boshidan beri Suriyada 1400 fuqaro jon bergan. 10 ming kishi hibsda.

Bashar al-Assad ukasi Mohir al-Assad bilan

Bashar al-Assad ukasi Mohir al-Assad bilan

Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasining bildirishicha esa Assad ma’muriyati ijozati bilan tashkilot og’ir janglar kechgan hududlarga yordam elta boshlagan. Qo’mita prezidenti Jeykov Kellenberger va Suriya Bosh vaziri Odil Safar uchrashib shunga kelishib olgan.

Qo’shma Shtatlar Suriya rahbarining va’dalariga shubha bilan qaramoqda. Ortiqcha gap-so’zdan aniq va qat’iy amallar afzal, bosim va zulmni bas qiling, deydi Obama ma’muriyati.

Turkiyada jon saqlayotgan suriyaliklar

Turkiyada jon saqlayotgan suriyaliklar

Oq Uy pozitsiyasi shuki, Bashar al-Assad reforma o’tkazishi lozim, eplay olmasa, o’rnini bo’shatib qo’ysin.

Suriya prezidenti kechagi nutqida qo’zg’olonni xorijning fitnasi deya atagan. Davlat departamenti so’zlovchisi Viktoriya Nuland bu da’voni rad etmoqda.

“Prezident Assad ajnabiy kuchlarni ayblash bilan ovora. Holbuki, xalq repressiya, korrupsiya va qamchini qurol qilgan hukumatdan to’ygan. Qurbonlarning aksariyati harbiylar qo’lidan o’lganini ham yodda tutish kerak”, - deydi Davlat departamenti matbuot kotibi.

Bashar al-Assadning nutqidan hafsalasi pir Yevropa Ittifoqi hukumatga qarshi saksiyalarni oshirish taraddudida.

Viktoriya Nulandning aytishicha, Xalqaro Jinoiy sud Suriyada harbiy jinoyatlar alomatlarini ko’rar ekan, Qo’shma Shtatlar ham neft va gaz sohasiga doir yangi sanksiyalar qo’yishi mumkin.

Neft Suriya uchun muhim daromad manbai bo’lib, kuniga 400 ming barrel neft eksport qilinadi. G’alayon sababli savdo va turizm ham ziyon ko’rmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG