Assad: Men va Suriya xalqi o’rtasida muammo yo’q

  • Amerika Ovozi

Suriyada qon to’kilishlari davom etayotgan bir paytda, prezident Bashar al-Assad xalq va mamlakat qurolli kuchlari meni qo’llab-quvvatlaydi, demoqda.

So’nggi xabarlarga ko’ra, uning qo’lida ishlagan yana bir necha harbiy ofitserlar Turkiyaga qochgan.

Matbuotga bergan intervyusida Assad 19 oydan beri davom etayotgan qo’zg’olon fuqaro urushi ekanini inkor etdi.

“Men va Suriya xalq orasida hech qanday muammo yo’q. Mendan qutulmoqchi bo’layotgan tomonlar bu - G’arb, Qo’shma Shtatlar, arab hukumatlari va Turkiya. Xalqim menga qarshi bo’lsa, men qanday qilib davlatni boshqarishim mumkin?”, - deb so’raydi prezident.

Hafta boshida Britaniya hukumati Bashar al-Assadga mamlakatni xavfsiz tark etishi uchun imkoniyat berish borasidagi taklifni olg’a surgan edi. 47 yoshli Assad bunga javoban, “men Suriya farzandiman, hech qayerga ketish niyatim yo’q, shu yerda yashayman va shu zaminda o’laman”, degan.

Turkiya matbuoti xabarlariga qaraganda, suriyalik 26 ofitser, jumladan ikki general va 11 polkovnik chegarani kesib, qo’shni mamlakatga o’tgan. Kechadan beri jami sakkiz ming odam Suriyani tark etdi. Turkiyada jon saqlayotgan qochqinlar soni 120 mingni tashkil etmoqda.

Bugun Qatarda Arab Ligasi shafe’ligida Suriya muxolifati vakillari yig’ilib, birlashgan muvaqqat hukumat tuzish borasida gaplashib olayapti.

Suriya Milliy Kengashi, islomiy va dunyoviy guruhlar, shuningdek, G’arb davlatlari yordamida tuzilgan “Suriyaning do’stlari” nomli guruh a’zolari majlisda qatnashib, muzokaralarning birinchi kuni ijobiy ruhda yakunlanganini aytadi.

Muxolifat, agar bir organ atrofida birlashib, yetakchilarini belgilab olsa, xalqaro hamjamiyat isyonchilarni qo’llab-quvvatlashda dadilroq harakat qiladi, degan umidda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG