Suriyada prezident saylovlarida Assad g'olib

  • Amerika Ovozi

Suriya prezident Bashar Assad saylovda qatnashmoqda, Damashq, Suriya, 3-iyun, 2014-yil

Suriya prezident Bashar Assad saylovda qatnashmoqda, Damashq, Suriya, 3-iyun, 2014-yil

Bashar Assad Suriyada o’tgan prezident saylovlarida salmoqli g’alabaga erishib, uch yildan beri fuqarolar urushidan boshi chiqmayotgan mamlakatda uchinchi bor yetti yillik muddatga saylandi.

Parlament spikeri Muhammad Lahamning aytishicha, saylovda qatnashganlarning 10 milliondan ziyodi Assadga ovoz bergan, ya’ni 89 foizi. Jarayon hukumat nazoratidagi hududlarda o’tdi xolos.

Unda yana ikki nomzod ishtirok etgan, biroq tanqidchilar nazarida ular hukumat tomonidan tanlangan.

AQSh davlat kotibi Jon Kerri va Yevropa Ittifoqi jarayonni tanqid qildi. Kerri nazarida millionlab fuqarolar ishtirok etmagan saylovlarni haqiqiy deb bo’lmaydi.

BMTning insonparvarlik yordami bo’yicha vakili Valeri Amosning aytishicha, xalqaro hamjamiyat tashkilotga Suriyada to’siqsiz ishlashi uchun imkoniyat yaratib berishi lozim.

Uch yarim oy oldin Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiya qabul qilib, Suriya hukumatidan gumanitar tashkilotlar uchun mojaro zonalariga yo’llarni ochishni va ularning xavfsizligini ta’minlashni talab qilgan edi. O’shandan beri vaziyat yanada og’irlashgan, deydi Amos.

Fuqarolar urushi 150 mingdan ziyod odamning yostig’ini quritdi. 2,5 million suriyalik xorijga qochishga majbur bo’ldi, mamlakatdagi to’qqiz million odam yordamga muhtoj.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG